O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida hozirga qadar birorta davlat OTMda xususiylashtirish jarayoni boshlanmagan. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 16 iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Hozirgacha 10 yilda qilishimiz kerak bo‘lgan birorta davlat oliy ta’lim muassasasini xususiylashtirish jarayoni boshlanmagan, ochig‘ini aytaman. Lekin, agar buni boshlasak, oliy ta’lim ham foydali, ham daromadli soha-ki, [investorlar sotib olishga] kirishib ketishadi», — dedi vazir.

«Hozir xususiy oliy ta’lim muassasalari juda ko‘p ochilayapti, ammo hammasi ham samara berayapti deb o‘ylamanman. Mening bunga baho berishim qanchalik to‘g‘ri, bilmadim, inspeksiya, jamoatchilik bor. Hozir bu bosqichdan qariyb o‘tib bo‘ldik. 2026 yilgacha bizda 50 ta xususiy OTM bo‘lishi kerak. Hozir xususiy OTMlar 30 ga yaqinlashdi», — dedi u.

U shuningdek, davlat OTMlarini xususiylashtirish parallel ravishda olib borilishini qayd etdi.

«Bunga hali tayyor emasmiz. Chunki juda ko‘p davlat tashkilotlari orasida xususiylashtirilgandan keyin ish bermagani ham bor. Shuning uchun 2023 yildan boshlab buni yetti o‘lchab, bir kesib, hamma mezonlari ishlab chiqilganidan keyin [xususiylashtirishga] kirishish niyatidamiz», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 8 oktabrida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.