Tijorat banklarining «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MCHJdagi (YAUPM, Uzcard brendi) ulushi bir oy muddatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (DABA) o‘tkaziladi. O‘zbekiston prezidentining 18 martdagi (PQ-168) Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

25 mart holatiga ko‘ra, kompaniya aksiyalarining 51 foizi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga (O‘zmilliybank), 6 foizi «O‘zsanoatqurilishbank», 6 foizi «Asaka» banki, 6 foizi «Ipoteka-bank» va 6 foizi «Aloqabank»ga tegishli.

Qolgan 25 foizi (har biri 6,25 foizdan) to‘rt nafar jismoniy shaxs — Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Timur Maxmudjanovich Azadov va Obid Alimjonovich Agzamxodjayev o‘rtasida taqsimlangan.

«Gazeta.uz» 2020 yil avgust oyida prezidentning kuyovi Oybek Tursunov Uzcard ta’sichilari safidan chiqqani haqida yozdi. U o‘sha yilning may oyida kompaniya ustav kapitalidagi 75 foiz ulush egasiga aylangandi.

Qarorga ko‘ra, «Toshkent» Respublika fond birjasidagi «Asakabank», Xalq banki, «O‘zsanoatqurilishbank» va O‘zmilliybank ulushi (barchasi 6,3 foizdan) ham DABAga o‘tkaziladi.

Shuningdek, agentlik «Qishloqqurilishinvest» injiniring kompaniyasi, «O‘zmetkombinat», «Angren logistika markazi», «Sredazenergosetproyekt», «O‘zshahar qurilish invest» va «Omonxona» sanatoriyasidagi ulushlarni ham o‘ziga oladi.

Xuddi shu hujjatda Mobiuz uyali aloqa operatorini 2023 yilning apreligacha xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, un kombinatlari, «O‘zagroservis», «O‘zagrokimyohimoya» obyektlari va boshqa davlat aktivlari ham kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Bundan tashqari, «Qishloq qurilish bank», «O‘zsanoat qurilish bank», «Asakabank», «Xalq bank», «Mikrokreditbank», «O‘zmilliybank» va boshqa banklarni xususiylashtirish va IPO o‘tkazish muddatlari belgilandi.