Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yilda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan 10 trillion so‘m daromad olishni kutmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 66,6 foizga ko‘pdir. Bu haqda O‘zbekistonning 2023 yilgi budjetiga bag‘ishlangan «Fuqarolar uchun budjet» axborot nashrida ko‘rsatib o‘tilgan.

2022 yilda davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan daromadlar prognozi 6 trillion so‘mni tashkil etgan. Noyabr oyi boshida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov davlat obyektlarini 5 trillion so‘mga (o‘sha paytda — 447 million dollar) xususiylashtirish va yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirayotganini e’lon qilgandi. Ushbu ko‘rsatkichga olib chiqilganmi yoki yo‘q — hozircha xabar berilmagan.

2023 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 310,67 trillion so‘m, xarajatlari esa 343,21 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Natijada 32,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz kamomad shakllanmoqda. Xususiylashtirishdan tushadigan 10 trillion so‘mlik prognoz tushumlari kamomadning bir qismini qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Kamomaddan tashqari, davlat 19,2 trillion so‘mlik asosiy qarzni so‘ndirishi kerak. Natijada jami 52,1 trillion so‘mlik kamomad va qarzlarni moliyalashtirish manbalarini topish zarur bo‘ladi.

Bu manbalar ikki guruhga bo‘linadi: tashqi va ichki. Xorijiy (52 foiz) xalqaro moliya institutlarining kreditlari va yevrobondlar chiqarish (17,3 trillion so‘m) va davlat dasturlarini amalga oshirish uchun qarzlar (7,8 trillion so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi. Ichki (48 foiz) davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarish (17 trillion so‘m) va davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan tushumlar (10 trillion so‘m)ni o‘z ichiga oladi.

2022 yilda budjet daromadlari 254,57 trillion so‘m, xarajatlari 280,12 trillion so‘m, taqchilligi 25,54 trillion so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz) miqdorida prognoz qilingan. Yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasiga moslasha olmagan. Daromad ko‘rsatkichlari amalda 286,5 trillion so‘mni (prognozga nisbatan 2,2 foizga ko‘p), xarajatlar 321,6 trillion so‘mni (+14,8 foiz), taqchillik — 35,1 trillion so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotning 4 foizini (+ 37,4 foiz) tashkil etgan.