O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Humo Air aviakompaniyasi sotilayotganini ma’lum qildi.

Shvetsariyaning Valleyroad Capital S.A. kompaniyasi Humo Air kompaniyasi ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotib oldi. Bitim miqdori 27,2 mlrd so‘mni ($2,42 ga yaqinroq) tashkil etdi.

Bundan tashqari, ValleyRoad Capital 2023−2026 yillarda kompaniya aviaparkini rivojlantirish va mahalliy aviaqatnovlarni oshirish majburiyatini ham zimmasiga oldi. Mazkur bitim doirasida xaridor quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan:

  • 2026 yilgacha kompaniya tomonidan 18 dona havo kemalarini sotib olish, shu jumladan 3 tasini 2023 yilning birinchi yarim yilligida sotib olish va parvozlarni yo‘lga qo‘yish;
  • dastlabki bosqichda ichki reyslar sonini haftasiga 16 tagacha oshirish, keyingi 5 yil davomida 60 tagacha yetkazish;
  • maxsus (qishloq va xalq xo‘jaligi) aviatsiyasining xizmat ko‘rsatadigan samolyotlari parkini bosqichma-bosqich yangilash;
  • aviakompaniyani boshqarishga aviatsiya sohasida ko‘p yillik tajribaga ega malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish;
  • O‘zbekiston rezidentlari orasidan aviakompaniya xodimlarining kamida 80 foizini shakllantirishni ta’minlash;
  • yo‘nalishlarda, shu jumladan O‘zbekistonning boshqa aviakompaniyalari rezidentlari xizmat ko‘rsatmaydigan yo‘nalishlarda maqbul narxlarda yangi reyslarni tashkil etish.

Kompaniyani xorijiy investor tomonidan yuqoridagi rivojlantirish shartlari bilan sotib olinishi fuqaro aviatsiyasi sohasiga xususiy sektorning kirib kelishi orqali raqobat muhitini rivojlantirishga, mahalliy aviaqatnovlarga bo‘lgan talabni yumshatishga va yo‘lovchilarga maqbul narxlarda aviatashuv xizmatlarini ko‘rsatishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Ma’lumot uchun, Valleyroad Capital S.A. Shveysariyada 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Shveysariyada va xalqaro miqyosda yirik korxonalar va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi mustaqil korporativ moliyalashtirish kompaniyasi hisoblanadi. Jamoa a’zolarining bir asrdan ortiq yig‘ma tajribasiga ega bo‘lib, Valleyroad Capital S.A. turli sohalar va mamlakatlarda korporativ moliyalashtirish bo‘yicha keng va diversifikatsiyalangan tajribani taklif etadi. Xorijiy investor O‘zbekistondagi faoliyatini uning 100 foiz ta’sischiligidagi Valleyroad Capital kompaniyasi tomonidan amalga oshiradi.

Humo Air «Maxsus aviatsiya ishlari bo‘yicha aviakompaniya» DUK mulki negizida 2020 yilda tashkil etilgan. Humo Air ustav kapitaliga 43 dona An-2 havo kemasi («kukuruzniklar»), havo kema dvigatellari, parvoz simulyatorlari va boshqa mulklar o‘tkazilgan.

Spot nashrining yozishicha, yangi aviatashuvchi asosiy e’tiborni qisqa ichki yo‘nalishlarga va turizmni rivojlantirishga qaratishi kerak edi. Uning ixcham samolyotlari Uzbekistan Airways aviakompaniyasi laynerlariga arzonroq muqobil sifatida ko‘rilgandi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Humo Air buyurtmachilaridan biri bo‘ldi. Aviakompaniya 2021 yilning kuzida So‘x anklaviga ham reyslarni yo‘lga qo‘ygan. Biroq kompaniyaning asosiy daromad manbai qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ishlash bo‘lib qolmoqda, deb yozadi nashr.

2020 yilda kompaniyaning zarari 790 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 2,1 mlrd so‘m foyda ko‘rgan. Biroq 2022 yilning 9 oyida daromadlar o‘sishiga qaramay, korxona yana zarar ko‘rdi (105,6 mln so‘m).