Senat «snos» to‘g‘risidagi qonunni quyi palataga qaytarishi kutilmoqda. Senatorlarning fikricha, qonunni qayta ko‘rib chiqishga 7 ta moddadagi kamchiliklar va ochiq qolgan masalalar sabab bo‘lmoqda. Deputat Rasul Kusherbayev esa bu noto‘g‘ri ekanligini aytib, qonun qaytgudek bo‘lsa, Qonunchilik palatasi hujjatni prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
Prezident «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi mumkin. Talabgorlar geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Intellektual mulk agentligiga murojaat qilishi lozim. Huquq 10 yil davomida amal qiladi, geografik ko‘rsatkichni boshqa davlatlarda ham ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
O‘simlik yog‘i, kungaboqar, soya danagi va zig‘ir urug‘ini olib kirish, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha QQS imtiyozlari 30 aprelga qadar uzaytirildi. Bunga qadar imtiyoz muddati 2021 yilning 1 mayidan 31 dekabrigacha amalga qilgandi.
Deputatlar ov quroliga egalik qilishning minimal yoshini 21 yoshdan 25 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Hujjatda barcha turdagi pnevmatik qurolga egalik qilishni ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi orqali amalga oshirish va fuqaro egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurollar sonini 3 dona bilan chegaralash taklifi ham ilgari surilmoqda.
1 fevral kuni Qonunchilik palatasi deputatlari hokimlarning manfaatlar to‘qnashuviga sharoit yaratib beruvchi yana bir qonunni ma’qulladi. Gap yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibi haqida ketmoqda. Deputat Doniyor G‘aniyev hokim kompensatsiya ajratishni ko‘rib chiqish masalasini o‘ziga-o‘zi kiritishi va uni yana o‘zi hal qilishini tanqid qildi. Quyi palata spikeri esa hokimlarning xalq deputatlar kengashi raisi maqomi bekor qilinsagina, bu muammo bartaraf etilishini aytdi. «Ungacha shu, boshqa iloj yo‘q», — dedi Nurdinjon Ismoilov.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, karantin ostidagi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish — fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, 1 yanvardan boshlab avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilindi. Hozirga qadar yangi avtomobil xarid qilinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanardi.
Shavkat Mirziyoyev 20 avgustni Tadbirkorlar kuni etib belgilashga oid qonunni imzoladi. Joriy yilning ayni shu kuni prezident mamlakat ishbilarmonlari bilan uchsharuv o‘tkazgan edi. Endi ochiq muloqot har yili bo‘lib o‘tadi.
Prezident «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, bu butun mamlakatda umumiy — 2 oygacha, respublikaning ayrim hududlarida esa — 4 oygacha favqulodda holat joriy etishga imkon beradi. Favqulodda cheklovlar qatoriga — kommendantlik soati, karantin, OAVlar faoliyati va fuqarolar harakatlanishi erkinligini cheklash, qolaversa, jamoat tartibi muhofazasini kuchaytirish va ommaviy tadbirlarni taqiqlash kiradi.
Prezident fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, mahalla ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarni aniqlashda ishtirok etadi. Bundan tashqari, endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar bepul davolanadi.
Transport vositasi salonining old qismiga monitor o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilindi. Biroq, harakat vaqtida ulardan dasturlarni tomosha qilishda foydalanish taqiqlanganicha qolmoqda.
O‘zbekistonda haydovchilarga harakat vaqtida quloqchin va qo‘l ishlatmasdan muloqot olib borish imkonini beruvchi boshqa qurilmalar orqali telefondan foydalanishga ruxsat berildi. O‘zgarishlar 1 dekabrdan kuchga kirdi.
Prezident muzeylarning daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanishiga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Ilgari muzeylarga tijoriy faoliyatni amalga oshirish taqiqlangan edi. Xizmat ko‘rsatish chog‘ida muzeylar ashyolar va kolleksiyalar but saqlanishini ta’minlashi kerak.
Endi tadbirkorlik, shaharsozlik, yakka tartibda uy-joy qurish va uni obodonlashtirish uchun berilgan yerlar, qolaversa, xususiylashtirilgan davlat obyektlari hududlarini xususiylashtirish mumkin. Ariza berish tartibi, uni rad etish asoslari, xususiylashtirilgan yerlarni mulkdordan olib qo‘yishni tartibga soluvchi qonun prezident tomonidan imzolandi.
Prezident imzo chekkan qonun bilan shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi, jumladan jarimalar miqdori bir necha baravargacha oshirildi.
Prezident farzand asrab olish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, hayotga, sog‘liqqa qarshi, giyohvandlik va boshqa jinoyatlarni qasddan sodir etganlar bola asrab olishi mumkin emas deb belgilanmoqda. Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini o‘taganlarga esa farzand asrab olishga ruxsat beriladi. Qolaversa, farzandlikka oluvchi va olinuvchi yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart.
Deputat yordamchisi institutini joriy etishga oid qonun qabul qilindi. Yordamchi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va sudlanmagan bo‘lishi lozim. U deputat va saylovchi o‘rtasidagi muntazam aloqani yaxshilashga ko‘maklashadi.
Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishga oid qonun prezident tomonidan imzolandi. Unga muvofiq, endi tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin. Qolaversa, OTMlar qatorida kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlarda ta’lim olish uchun yo‘naltirilgan daromadlar soliqqa tortilmaydi.
Prezident Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari foyda solig‘ini 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi.
Prezident “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat xususiy sektorga qimmatbaho metallar aylanmasi sohasida ochiq ishlash imkoniyatini beradi va bu sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olishga xizmat qilishi kerak.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting