14 mart kuni Oliy Majlis Senati budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunni qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan tegishli qarorni qabul qildi.

Mazkur masala 17−18 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Deputat Rasul Kusherbayev esa «butun boshli qonunni qaytarish noto‘g‘ri» ekanligini aytmoqda.

«Gazeta.uz»ga yuqori palata matbuot xizmati senatorlarning e’tirozlari bayon etilgan ma’lumotnomani taqdim qildi. Unda qonunning 4, 20, 21, 22, 26, 30, 33-moddalarida bahsli normalar mavjudligi qayd etilgan.


Ta’kidlanishicha, qonunda yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga asos bo‘ladigan holatlar aniq ko‘rsatilgan. Biroq, yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish masalasi, jumladan talab etiladigan xarajatlar miqdori (kompensatsiya) dastlab mulkdor bilan emas, balki joylardagi vakillik hokimiyati organlarida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilinishi belgilangan.

«Qo‘mita a’zolari masala, avvalo, mulkdor bilan muhokama qilinishi, barcha hisob-kitoblar o‘zaro kelishilishi va shundan keyingina Jo‘qorg‘i Kenges yoki mahalliy Kengashga kiritish zarurligiga alohida e’tibor qaratishdi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, qonunning 4-moddasida sanab o‘tilgan har bir holatni aniqlash tartib-taomillari va mexanizmlari aniq bayon etilmagan. Misol tariqasida keltirilishicha, yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun mudofaa va xavfsizlik maqsadlarida olib qo‘yilishi mumkinligi belgilangan.

«Biroq, qonunda aynan qaysi holatlar mudofaa va xavfsizlik maqsadlari ekanligi bayon etilmagan. Masalan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilari uchun turar joylar barpo etish yoki boshqa shu kabi jamoatchilik ehtiyoji deb topiladimi? Qonundagi mavhumliklar o‘z navbatida kelajakda idoraviy manfaatlardan kelib chiqib har qanday holatda yer uchastkasini olib qo‘yish uchun zamin yaratadi. Bu esa, aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qilib, ularning asosli e’tirozlariga olib keladi», — deyiladi xabarda.

20-moddada huquq egalari bilan ochiq muhokama o‘tkazish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, tashabbuskor o‘tkaziladigan muhokamalardan kamida 7 kun oldin huquq egalariga ochiq muhokamani o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatilgan holdagi xabarnomani yuborishi kerakligi ko‘zda tutilgan.

«Biroq, ushbu moddada huquq egalariga xabarnomani tegishli tartibda topshirish, huquq egalari xabarnomani qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda amalga oshiriladigan xatti-harakatlar yoki huquq egalariga xabarnoma tegishli tarzda yetkazib berilmaganligi oqibati bayon etilmagan», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, ushbu moddada ochiq muhokama, agar unda huquq egalarining (ular vakillarining) uchdan ikki qismi ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tkazilgan deb hisoblanishi nazarda tutilmoqda. Senatorlarning ta’kidlashicha, «huquq egalari muayyan bir vakillik organi emas, ularning uchdan ikki qismi bilan bog‘liq majburiy talab qo‘yilishi ularning huquqlari buzilishiga olib keladi».

Shuningdek, huquq egalari ochiq muhokamaga uzrli sabablarga ko‘ra kelmaslik oqibatlari (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, yaqin qarindoshlarining vafoti va boshqa holatlar), bunda ochiq muhokamalar uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi yoki muhokama boshqa kunga qoldirilishi kabi masalalar ochiq qolgan.

Ta’kidlanishicha, har qanday holatda ham huquq egalari ko‘pchilikni tashkil qilmasligi, shu jumladan yer uchastkasining huquq egasi faqat bir yoki ikki shaxsni ham tashkil qilishi mumkin. Senatorlarning fikricha, xattoki «sud amaliyotida ham uzrli deb topilgan sabablarga ko‘ra ish muhokamasini keyinga qoldiradi. Bu esa fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan mulk huquqi daxlsizligiga putur yetkazilishiga sabab bo‘ladi».


21-moddada yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘risidagi qarorni qabul qilish tartibi bayon etilgan. Unda ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha tuzilgan bayonnoma Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy kengashga taqdim etilgandan keyin bir oy ichida Jo‘qorg‘i Kenges devoni, mahalliy Kengash kotibiyati yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror loyihasini tayyorlashi va loyihaga qo‘yilgan talablar belgilanmoqda.

Biroq, mahalliy kengash kotibiyatining bu kabi vakolatlari mavjud emas, bundan tashqari qaror loyihasi tashabbuskor tomonidan ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Bundan tashqari, ushbu moddada huquq egalari yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishidan norozi bo‘lgan hollarda amalga oshiriladigan tartib-taomillar, shu jumladan Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy kengash tomonidan qanday qaror qabul qilishi tartibi nazarda tutilmagan.

«Ushbu normaning mazmuniga ko‘ra huquq egalari yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishidan norozi bo‘lsa ham yer uchastkasi olib qo‘yilishi mumkin, degan ma’noni anglatadi va bu o‘z navbatida amaliyotda mulkdorlarning qonunchilikda ko‘zda tutilgan huquq va manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi xabarda.

22-moddada Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy kengashning yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi huquq egalari bilan kompensatsiyaning shartlari, turlari va miqdori buyicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi, deb belgilanmokda.

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyada xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, shuningdek, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi qayd etilgan.

«Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga asosan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi. Qolaversa, Shaharsozlik kodeksiga ko‘ra, yer uchastkasini olib qo‘yish zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu bois, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar)lar hokimlari huquq egalari bilan kelishish ishlarini amalga oshirgandan so‘ng, yer uchastkasi kompensatsiya evaziga olib qo‘yilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishini belgilash maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

«Shuningdek, ushbu moddada huquq egasi bilan kelishuv tuzilmagan taqdirda yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy Kengash qarorining huquqiy holati bayon etilmagan. Xususan, kelishuvga erishilmagan taqdirda qabul qilingan qaror bekor qilinadimi, mazkur masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy kengashning takroriy sessiyasi o‘tkaziladimi, yer uchastkasini olib qo‘yish bilan bog‘liq jarayonda qilingan sarf-xarajatlar kim tomonidan qoplanadi?», — deyiladi Senat xabarida.

26-moddada kelishuvda nazarda tutilgan barcha kompensatsiyalar to‘liq hajmda berilgan paytdan e’tiboran huquq egasi olib qo‘yilgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini yo‘qotishi, ko‘chmas mulk obyektlarini (turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni, ishlab chiqarish joylarini, boshqa binolarni va inshootlarni) 6 oy ichida to‘liq bo‘shatishi belgilangan.

Shuningdek, olib qo‘yilgan uchastkadagi obyektlar kompensatsiyalar to‘liq hajmda berilganidan keyin to‘liq bo‘shatilguniga qadar kommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan suv ta’minoti, oqova suv, elektr, aloqa, issiqlik va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilishi mumkin emasligi nazarda tutilgan.

Biroq, qonunda kompensatsiya to‘liq hajmda berilganidan keyin ko‘chmas mulk to‘liq bo‘shatilguniga qadar 6 oy mobaynida iste’mol qilingan kommunal xizmatlar haqi, soliq to‘lovlari kim tomonidan va kimning hisobidan to‘lanishi noma’lum bo‘lib qolgan. «Bu esa, o‘z navbatida amaliyotda tashabbuskor va huquq egalari o‘rtasida turli tushunmovchiliklar va kelishmovchiliklar vujudga kelishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi xabarda.

30-moddaga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengash tomonidan olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini buzish haqida qaror qabul qilish tartibi nazarda tutilgan.

«Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasida esa, olib qo‘yiligan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mol-mulk buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman, shahar hokimliklari tomonidan qabul qilinishi belgilangan.

33-moddada Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy kengashning yer uchastkasini olib qo‘yish yoxud olib qo‘yishni rad etish, shuningdek ko‘chmas mulk obyektini buzish to‘g‘risidagi qarori ustidan fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan sud tartibida shikoyat kilinishi mumkin, deb belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiya, qonun, prezident farmon va qarorlariga zid mahalliy Kengashlarning qarorlari Senat tomonidan bekor qilinishi belgilangan.

Bundan tashqari, 33-moddada Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy kengashning yer uchastkasini olib qo‘yish yoxud olib qo‘yishni rad etish, shuningdek ko‘chmas mulk obyektini buzish to‘g‘risidagi qarori ustidan faqat fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shikoyat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.

«Vahalonki, yer uchastkasini olib qo‘yish yoxud olib qo‘yishni rad etish to‘g‘risidagi qarordan tashabuskorlar ham manfaatdor hisoblanadi. Yuqoridagilarni inobatga olib hamda keyinchalik huquqni qo‘llash amaliyotida turli kolliziyalar kelib chiqishini oldini olish maqsadida 33-moddasini qayta ko‘rib chiqish zarur», — degan fikrda senatorlar.


Mazkur holat yuzasidan deputat Rasul Kusherbayev o‘zining e’tirozini bildirib, havotirlari asosli bo‘lib chiqayotganini ta’kidladi.

«Tarkibida ko‘plab hokimlar bo‘lgan Senat hokimlarning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yadigan qonunni qaytarmoqchi ekan. Agar bu qonun kuchga kirsa hokimlar „snos“ bahonasida biznes subyektlariga yerlarni bera olmay qolishadi», — dedi u.

Deputatning ta’kidlashicha, qonunda ba’zi kamchiliklar bo‘lishi mumkin, «biroq bu bilan butun boshli qonunni qaytarish noto‘g‘ri». Uning fikricha, hozircha asosli e’tiroz ham bildirilmagan.

«Biz bu qonunni qancha tez qabul qilsak antikonstitutsion va davlatchilik hurmatiga putur yetkazayotgan bir qator lobbistik qarorlar, shu jumladan ayrim hokimlar amal ham qilmaydigan hukumatning 911-sonli qarori bekor qilinishiga erishamiz. Fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgan ushbu adolatsiz qarordan tezroq qutulishimiz kerak», — dedi Rasul Kusherbayev.

U shuningdek, senatorlarga ham murojaat qildi: «Senat a’zosi bo‘lgan ko‘pgina hokimlarning o‘zboshimchaligi sabab O‘zbekiston „Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik“ reytingida 139 ta davlat ichida 138 o‘rinda turibdi».

Deputat Senat qonunni qaytargan taqdirda ham Qonunchilik palatasining ko‘pchilik deputatlari qonunni qayta qabul qilsa, uni Senatga yubormay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga imzo qo‘yish uchun yuborishi mumkinligini eslatib o‘tgan. «Balki shu huquqdan foydalanish vaqti kelgandir», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, aynin mazkur qonun loyihasi 1 fevral kuni Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangandi. Hujjatda asosiy masala yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bilan bog‘liq.

Biroq, qonun loyihasi quyi palata majlisida muhokama qilinayotganda deputat Doniyor G‘aniyev undagi normalar hokimlarning manfaatlar to‘qnashuviga sharoit yaratib berishini tanqid qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hkim kompensatsiya ajratishni ko‘rib chiqish masalasini o‘ziga-o‘zi kiritishi va uni yana o‘zi hal qilishiga oid tartib kiritilgan.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov esa bunga javoban «huddi shunaqa bo‘lishini» aytgandi. «A endi bitta bu masalada emas, boshqa masalalarda ham manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lishi mumkin. Chunki [xalq deputatlari] kengashining raisi hokim… Hokimning birinchi o‘rinbosari o‘zi kiritmaydi, Kuzatuv kengash nomidan kiritadi-ku. Qachonki, [xalq deputatlari] kengashi raisi [hokimdan] boshqa odam bo‘ladi, keyin siz aytgan savolning javobi topiladi. Ungacha shu, boshqa iloj yo‘q», — degandi spiker.

Ma’lumot o‘rnida, Konstitutsiyaning 84-moddasiga muvofiq, Senati tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi.

Agar Senat rad etgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.