Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun va u bilan 4 ta kodeks va 20 ta qonunga kiritiladigan o‘zgartishlarga oid qonunni imzoladi. Hujjat hozircha e’lon qilinmadi, biroq, adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘zining Facebook`dagi sahifasida qonunning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Vazirning ta’kidlashicha, davlat rahbari taklif qilganidek, qonunda «snos» muammosiga butunlay barham berish uchun uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolat belgilab qo‘yilgan.

Uning ishontirishicha, uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng demokratik jarayonlar chig‘irig‘idan muvaffaqiyatli o‘tgan qonun xalqni bir necha yildan buyon qiynab kelgan muammolarga barham beradi.

Qonun bilan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan maqsadlarning tugal ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Endi qonunda belgilangan haqiqatdan ham jamoat ehtiyoji bo‘lgan 6 ta maqsaddan boshqa har qanday holatlarda yer uchastkalarini olib qo‘yishni jamoat ehtiyojlari uchun deb baholash taqiqlandi. Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlarini amalga oshirish uchun boshqa chora bo‘lmaganda — eng so‘nggi chora sifatidagina olib qo‘yilishi mumkin.

«Eng muhimi — tashabbuskor yer uchaskasini olib qo‘yish eng so‘nggi chora ekanligini mahalliy kengash va jamoatchilik oldida isbotlab berishi kerak bo‘ladi. Endi «snos»ga tushgan bino uchun kompensatsiya to‘lashga zarur mablag‘ bo‘lmasa, bunday tashabbus bilan chiqilmaydi, ya’ni «buzaveraylikchi kompensatsiya bir gap bo‘lar» qabilidagi gaplar ketmaydi», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusini ma’qullashdan boshlab, uni olib qo‘yish, olib qo‘yilgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulklarni buzishga bo‘lgan jarayonlarda ushbu masala mahalliy kengash deputatlari tomonidan naqd 3 marotaba ko‘rib chiqiladi.

«Bunda Konstitutsiyaga kiritilayotgan mahalliy kengash va hokimlik vakolatlari aniq ajratib qo‘yilayotganini inobatga olsak, tashabbuskorlarning buzish jarayonlarini „tezlashtirib“ yuborishi borasida havotirga o‘rin qolmaydi», — deya ta’kidladi u.

Uning qayd etishicha, qonunning eng asosiy prinsiplaridan biri bu jarayonning ochiqligidir, shunga monand ravishda huquq egalari bilan ochiq muhokama o‘tkazishdan boshlab, qolgan har qanday bosqichda jarayonlar 100 foiz ochiq, ya’ni huquq egalari OAV, jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilishi belgilandi.

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga jismonan majbur qilish maqsadida turar yoki noturar joyni suv, kanalizatsiya, elektr, aloqa (internet ham), issiqlik va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yishga, kirib chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonunda quyidagi huquqlar kompensatsiya qilib berilishi belgilab qo‘yilyapti:

  • ko‘chmas mulk obyektlarining bozor qiymati;
  • olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (qishloq xo‘jaligi yerlaridan tashqari);
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
  • ko‘chish va boshqa uyni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda;
  • huquq egasining boshqa xarajatlari va zararlari.

«Xatto ko‘pchilik davlatlarda mavjud bo‘lmagan yangi turdagi to‘lov kompensatsiya kiritilmoqda huquq egasiga keltirilgan noqulayliklar uchun ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi. Yana bir muhim kafolat shundan iboratki huquq egasiga qonuniy tegishli bo‘lgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar va noturar joylar uchun ham kompensatsiya to‘liq beriladi», — dedi vazir.

Bundan tashqari, buzishga tushganda kompensatsiya beriladigan uy-joylar ko‘lami kengaytirildi — endi agar aholi punkti ichida joylashgan, lekin «kadastri bo‘lmagan» uylar buzilsa ham, agar ushbu yer bo‘yicha 15 yildan ortiq soliqlar to‘lab kelingan bo‘lsa kompensatsiya to‘lanadi.

«Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu qonun 3 mlnga yaqin hujjatsiz uylarni buzilishdan sug‘urtalaydi», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazir shuningdek, endilikda «snos» bilan bog‘liq barcha huquqiy jarayonlar elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi, shu jumladan, qabul qilingan qarorlar, tuzilgan shartnomalar va berilgan kompensatsilarning hisobi elektron yuritilishini qo‘shimcha qildi.

Adliya vazirligi rahbari fuqarolarni qonun kuchga kirgach amaliyotda undan o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol foydalanishga chaqirib qoldi.