15 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qonunga muvofiq, davlatning kiberxavfsizligini ta’minlashda kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan.

Qonunda mamlakatda kiberxavfsizlik sohasidagi yagona davlat siyosati prezident tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan. Kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib Davlat xavfsizlik xizmati tayinlangan.

Qonun davlat tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida vakolatli davlat organidan kibertahdidlar, dasturiy ta’minotdagi, uskunalar va texnologiyalardagi zaifliklar to‘g‘risidagi axborotni olish huquqini kafolatlaydi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari hamda resurslariga tegishli ma’lumotlarning saqlanishini ta’minlash ma’lumotlarning zaxira nusxalarini yaratish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan. Qonunga muvofiq, ularning saqlanish muddati oxirgi 3 oydan kam bo‘lmasligi lozim.

Qonunda axborot tizimlarini kiberxavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilangan. Ekspertiza o‘tkazish tartibi vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi. Xususan, ekspertiza majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik subyektlarining tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Qonunga ko‘ra, quyidagilar kiberxavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi lozim:

  • davlat organlarining axborot resurslari;
  • davlat organlarining axborot tizimlari;
  • muhim axborot infratuzilmasi obyektlari toifasiga kiritilgan axborot tizimlari.

Shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida qo‘llaniladigan apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalar majburiy tartibda sertifikatlashtirilishi lozim.

Qonunga muvofiq, axborot tizimlari va resurslarida aniqlangan zaiflik, kibertahdid, kiberhujumlar va boshqa buzg‘unchilik harakatlari to‘g‘risidagi, shuningdek, axborotlashtirish obyektlari yuzasidan axborot ularni himoya qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilganidan keyin kiberxavfsizlik subyektining ruxsati bilan oshkor qilinishi mumkin.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.