O‘zbekistonda «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritiladi. Buni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun deputatlar tashabbusi bilan Saylov kodeksiga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartishlardan kelib chiqib ishlab chiqilgan.

«Qonunga referendum o‘tkazuvchi komissiyalar vakolatlarini aniqlashtirish, komissiyalar qarorlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, kuzatuvchilarning huquqlarini kengaytirish va boshqa bir qator tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Saylov kodeksi yangi tashkil etilgan viloyat, tuman, shaharda xalq deputatlari Kengashiga saylovni o‘tkazish uchun saylov okruglari sonini belgilash va saylovni o‘tkazish bo‘yicha tegishli saylov komissiyalarini tuzish hamda yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar amaldagi mahalliy kengashlar vakolati muddatiga saylanishiga va saylovni o‘tkazishga oid normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Xususan, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunda saylov okrugining hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki yangi hududiy birlik tashkil etilganda, ushbu saylov okruglaridan saylangan deputatning vakolatlari muddati tugatilmasligi va mahalliy Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiq bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida»gi qonun yangi 401-modda bilan to‘ldirilib, unda ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilishda saylov okruglarining chegaralarini o‘zgartirishga oid qoidalar belgilanmoqda.

Majlisda ta’kidlanganidek, qonun loyihasi yangi ma’muriy-hududiy birliklar tashkil etilganda yoki ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralari o‘zgartirilganda saylovlarni o‘tkazish hamda mazkur hududlardagi deputatlarning vakolatlari bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf qilishga xizmat qiladi.

Qonun loyihalari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi yagona qonun loiyhasiga birlashtirilib, uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat Senatga yuborildi.