O‘zbekiston prezidenti 23 iyun kuni imzolagan [780-sonli] qonun bilan Jinoyat kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi. Mazkur qonun iyun boshida Senat tomonidan ma’qullangandi.

Endilikda insonni undan a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya uchun olishga rozilik berishga majburlaganlik uchun javobgarlik belgilandi va bu qilmish og‘irlashtiruvchi holatlarda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, inson a’zolarining yoki to‘qimalarining oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlik, ularni O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib ketganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilandi. Mazkur jinoyatlar bilan bog‘liq dastlabki tergov ichki ishlar organlari tomonidan olib boriladi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 11 may kuni «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi [O‘RQ-768-son] qonun qabul qilindi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2 noyabrda, Senat tomonidan esa 28 aprelda ma’qullangan.

Unga ko‘ra, inson a’zolari va to‘qimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ma’lumot uchun, inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini retsipiyentlarga transplantatsiya qilish inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi. Transplantatsiya retsipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.