Prezident 9 dekabr kuni og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 10 dekabrdan kuchga kirdi.

Adliya vazirligining yozishicha, hujjat bilan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘shimchalar kiritildi.

Endilikda fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoxud bunday ishlarga moyil bo‘lgan shaxslarni aniqlash ishlarida ishtirok etadi. Shuningdek, bu mazkur shaxslar bilan olib boriladigan profilaktika ishlariga ham tegishli.

Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raisiga tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan hamda bu haqda murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash vakolati berilmoqda. Ular ushbu faktlar to‘g‘risida ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga hamda ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berishi mumkin.

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, mehnat organlari oilaviy muammolarga va zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash va kasbga yo‘naltirishga ko‘maklashadi.

Qolaversa, sog‘liqni saqlash organlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga va ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam beriladi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni bepul davolash choralari ko‘riladi.