1 yanvardan e’tiboran avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilindi. Mazkur yig‘im 2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilmagan.

Bu esa avtomobil xarid qilganda to‘lanadigan yig‘im to‘liq bekor qilinganini anglatadi. Hozirga qadar amal qilgan tartibga muvofiq, yangi mashina sotib olinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanardi.

Ikkilamchi bozordan mashina xarid qilinganda esa ishlab chiqarilgan yiliga qarab, har bir ot kuchi uchun 29,7 ming so‘mgacha yig‘im undirilgan.

Avvalroq, mazkur o‘zgartishlar hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022 yil uchun Davlat budjeti loyihasi va budjetnomasiga kiritilgani haqida yozgandik.

Qolaversa, deputat Doniyor G‘aniyev o‘zining Moliya vazirligidagi manbalariga tayanib, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga ham o‘zgartish kiritilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Unga muvofiq, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’iy nazar BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanadi (hozircha kuchga kirgani yo‘q). Amalda esa BHMning 2 barobaridan 10 baravarigacha (540 ming so‘mdan — 2,7 mln so‘mgacha) miqdorda belgilangan.

Demak, «2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilinishi hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgrtirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi, deb yozgandi deputat.