23 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 avgust Tadbirkorlar kuni etib belgilash to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 19 noyabrda va Senat tomonidan 15 dekabrda ma’qullangan.

Shu yilning 20 avgust kuni prezident mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Uchrashuv arafasida tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq taklif va savollar kelib tushgani ma’lum qilingandi. Ushbu masalalar yettita yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtirildi. Bir qator masalalarni hal etish borasida davlat rahbarining qarorlari qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda har yili 20 avgustda ochiq muloqot o‘tkazish va Tadbirkorlar kuni etib belgilash taklifini bildirgandi.

«Endi har yili aynan shu kuni prezidentning biznes va ishbilarmon doiralar vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkaziladi. Bir yillik ishlarimiz natijalari sarhisob qilinib, eng ilg‘or biznes vakillari aynan shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi… Ishonchim komil, bugun boshlangan yangi an’anamiz tadbirkorlik sohasida yil davomida ishlaydigan samarali tizimga aylanadi», — deya ta’kidlagandi prezident.