1 fevral, seshanba kuni Qonunchilik palatasida «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur hujjat bilan «snos»ga tushgan yer maydonlariga kompensatsiya to‘lab berish masalalari tartibga solinadi.

Biroq, qonun loyihasi kamchiliklardan holi emas, buni deputatlarning uzoq (qariyb bir yarim soat) davom etgan bahs-munozaralari ham tasdiqlab turibdi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev qonunning yana bir moddasi bo‘yicha e’tiroz bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 9-moddada «snos» sababli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha jamg‘armalarning Kuzatuv kengashi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, Deputat qonun tashabbuskorlaridan hududlarda jamg‘armalarning kuzatuv kengashi rahbari kim bo‘lishini so‘radi.

Alisher Karimov. Foto: Videodan lavha.

Adliya vazirining o‘rinbosari Alisher Karimov jamg‘armalarning Kuzatuv kengashi tarkibi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi [1047-son] qarori bilan tasdiqlanishini ma’lum qildi.

Ushbu hujjatga muvofiq, Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armasidan mablag‘ ajratish bo‘yicha respublika Kuzatuv kengashiga — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, viloyatlar kuzatuv kengashiga esa — Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, viloyatlar hokimlarning birinchi o‘rinbosari raislik qiladi.

Buni majlisda qatnashayotgan Moliya vazirligi mas’ul xodimi Umid Tojiboyev ham tasdiqladi.

Doniyor G‘aniyev. Foto: Videodan lavha.

Shundan so‘ng, Doniyor G‘aniyev buni so‘raganining sababini tushuntirdi.

«16-modda bo‘yicha [xalq deputatlari] kengashga kiritish uchun Kuzatuv kengashining yozma xulosasi bo‘lmasa ma’lumotlarni kiritish mumkin emas, deyilayapti. Demak, mantiqan [xalq deputatlari] Kengashga kiritishni ham hokim hal qilayapti, Kengashni raisi sifatida ham qarorni hokim hal qilayapti. Bir-biriga zid, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lib qolmayaptimi? Chunki [xalq deputatlari] Kengashga Kuzatuv kengashining xulosasisiz kiritib bo‘lmaydi», — dedi u.

U mazkur norma bilan davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilayotgan yer maydoniga kompensatsiya to‘lab berish bo‘yicha Kuzatuv kengashining xulosasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokimga bo‘ysunuvchi mansabdor berishi hamda uni hal etishni hokimning o‘zi rahbarlik qiladigan xalq deputatlari viloyat Kengashi ko‘rib chiqishini ta’kidladi.

Doniyor G‘aniyev «ya’ni [hokim] ko‘rib chiqish uchun o‘ziga-o‘zi kiritadi, yana o‘zi hal qiladi, shunaqami?», deya kinoyali savol bilan yuzlandi.

Nurdinjon Ismoilov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov esa buni tasdiqlab, «huddi shunaqa bo‘lishini» aytdi.

«A endi bitta bu masalada emas, boshqa masalalarda ham manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lishi mumkin. Chunki [xalq deputatlari] kengashining raisi hokim… Hokimning birinchi o‘rinbosari o‘zi kiritmaydi, Kuzatuv kengash nomidan kiritadi-ku. Qachonki, [xalq deputatlari] kengashi raisi [hokimdan] boshqa odam bo‘ladi, keyin siz aytgan savolning javobi topiladi. Ungacha shu, boshqa iloj yo‘q», — dedi spiker.

Avvalroq, mazkur qonun loyihasi yuzasidan deputatlar baxslarga kirishib ketgani va yakunda tayinli javob bo‘lmasa-da, hujjat qabul qilingani haqida yozgandik.

Spiker munozaraga kirishgan har bir deputatdan qonun bo‘yicha yakuniy fikr so‘radi va ularning barchasi ijobiy javob berdi.

Ovoz berish yakunlari. Foto: Videodan lavha.

Shundan so‘ng, loyiha uchinchi o‘qishda qabul qilish uchun yakuniy ovozga qo‘yildi. Qonun loyihasini 111 nafar deputat ma’qulladi, 3 nafari ovoz bermadi, 1 nafari esa betaraflikni tanladi. Shu bilan qonun ma’qullanib, Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasi spikeri aytganidek — hokimlarning xalq deputatlar Kengashi raisi maqomini bekor qilish masalasi 2,5 yildan beri orqaga tashlab kelinayotgani haqida «Gazeta.uz» surishtiruv e’lon qilgandi.

Unga ko‘ra, 2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida hokimlarning xalq deputatlari Kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. «Gazeta.uz»ning aniqlashicha, Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan.

Biroq, hujjatning undan keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Davlat dasturining tegishli bandida ikki asosiy ijrochisi — Qonunchilik palatasi va Senat hisoblanadi.

Qonunchilik palatasi «hujjat quyi palataga kelib tushmagani, shu sababli muhokama qilinmaganini» aytgandi. Yuqori palata esa «hujjat ularda ham ko‘rib chiqilmagani» haqidagi izoh bilan cheklangandi. «Mahalliy kengashlar mustaqil organ. Senat faqatgina ularning faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi, uslubiy yordam ko‘rsatadi», — deyilgandi bayonotda.

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning dekabr oyida hokimlarga yana bir vakolat berildi — ular Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga ham raislik qila boshladi. Mazkur holatga Antikorrupsiya agentligi direktori Akmal Buxonov izoh berar ekan, «bu kengashlar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ emas, kollegial idoraligiga» ishontirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hokimlar mahalliy kengash raisligidan ozod qilinsa, unda Hududiy kengash raislari ham o‘zgarishini qo‘shimcha qildi.