Prezident 4 avgust kuni «Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»gi [O‘RQ-787-son] qonunni imzolandi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 24 mayda, Senat tomonidan esa 8 iyulda ma’qullangan.

Hujjatga asosan soliq maslahatiga oid faoliyat deganda soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat tushiniladi.

Soliq maslahati bir qator xizmatlarni, jumladan mijozga soliqlar va yig‘imlarni hisoblash, to‘lash, hisobot tayyorlash bo‘yicha maslahat berish, sudlarda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda vakillik qilishni o‘z ichiga oladi.

Soliq solish masalalari bo‘yicha advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish, sudda va boshqa davlat organlarida vakillik qilish soliq maslahati hisoblanmaydi.

Moliya vazirligi soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir.

O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahatchilarining, soliq maslahatchilari tashkilotlarining ixtiyoriy a’zoligi asosida tashkil etiladigan kasbiy birlashmasi hisoblanadi.

Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs soliq maslahatchisi bo‘ladi. Malaka imtihonini topshirish uchun ariza bilan Soliq maslahatchilari palatasiga murojaat qilinadi.

Malaka sertifikatini olishga doir malaka imtihonlarida ishtirok etish uchun BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida yig‘im to‘lanadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kun (5 avgust)dan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.