O‘zbekiston prezidenti 15 dekabr kuni «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat «Xalq so‘zi»da e’lon qilindi va u 16 dekabrdan kuchga kirdi.

Hozirga qadar O‘zbekistonda favqulodda holat (FH)ni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi yagona hujjat — qonun mavjud emas edi.

Favqulodda holat — O‘zbekiston fuqarolarining, chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklariga, shuningdek, yuridik shaxslarning huquqlariga nisbatan ushbu qonunda nazarda tutilgan ayrim cheklovlar belgilashga yo‘l qo‘yadigan hamda ularning zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklaydigan, Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekistonning butun hududida yoki ayrim joylarida vaqtincha joriy qilinadigan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNTlar hamda tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining alohida huquqiy rejimi hisoblanadi.

Hujjat bilan shuningdek, kommendantlik soati tushunchasiga ham tarif berilgan. Unga ko‘ra, sutkaning maxsus berilgan ruxsatnomalarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz ko‘chalarda hamda boshqa jamoat joylarida yohud turar joydan tashqarida bo‘lishga taqiq belgilangan vaqti demakdir.

Favqulodda holatni joriy etish maqsadlari uni joriy etishga asos bo‘lib xizmati qiluvchi holatlarni bartaraf etish, fuqarolarning xavfsizligi hamda konstitutsiyaviy tuzum va hududiy yaxliligini himoya qilinishini ta’minlashdan iborat.

FHni joriy etish hollari

Favqulodda holat fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, konstitutsiyaviy tuzumga yoki hududiy yaxlitligiga bevosita tahdid soladigan hamda favqulodda choralar qo‘llamasdan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, alohida hollarda joriy etiladi.

Bunday holatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • real tashqi xavf, O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini yoki hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga urinishlar, ommaviy tartibsizliklar, terrorchilik harakatlari, shuningdek, zo‘ravonlik harakatlari bilan bir vaqtda yuz beradigan, fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning kundalik faoliyatiga bevosita tahdid soluvchi o‘ta muhim hamda toifalangan obyektlarni yoki ayrim joylarni to‘sish yoki bosib olish, qonunga xilof qurolli tuzilmalarni tayyorlash (tashkil etish) va ularning faoliyati, millatlararo, konfessiyalararo va chegaraviy nizolar;
  • keng qamrovli avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar amalga oshirilishini talab etadigan yirik xalokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, favqulodda ekologik vaziyatlar.

FHni joriy etish

Favqulodda holat prezident farmoni bilan joriy etiladi va u darhol OAVda e’lon qilinishi lozim. Unda quyidagilar belgilanishi lozim:

  • FHni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar;
  • FHni jorish etish zaruratining asosi;
  • FHni joriy etilayotgan hududning chegaralari;
  • FH rejimini ta’minlaydigan kuchlar va vositalar;
  • Favqulodda choralar ro‘yzati va ularni qo‘llash chegaralari, vaqtinchalik cheklovlarning qat’iy ro‘yxati;
  • FH sharoitlarida qo‘llaniladigan favqulodda choralarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari;
  • FHning amal qilish davrida tashkil etiladigan maxsus davlat boshqaruvi organlari va ularning vakolatlari;
  • FHni amal qilish muddati, farmon kuchga kiradigan sana va vaqt.

Prezident farmoni 3 sutka muddat ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida tasdiqlanishi zarur. Aks holda hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

FHni amal qilish muddati

O‘zbekistonning butun hududida joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati 30 sutkadan, ayrim joylarda qo‘llanilishi esa 60 kundan oshishi mumkin emas.

Agar favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan bo‘lsa, prezident farmoni bilan u yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin.

Agar favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilsa, uning amal qilishi prezident farmoni bilan to‘liq yoki qisman, shu jumladan, muddatidan ilgari tugatiladi.

Favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar

FH yuzaga kelgan holatda favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar kompleks va alohida tarzda qo‘llanilishi mumkin. Ular qatorida:

  • davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish;
  • hudud bo‘ylab harakatlanish erkinligiga nisbatan cheklovlar, shuningdek, mazkur hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimi, shu jumladan, zarur bo‘lganda chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirishi hamda hududlarda turishiga nisbatan cheklovlar;
  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obyektlarni hamda aholining hayot faoliyatini va transportning harakatlanishini ta’minlovchi obyektlarni muhofaza qilishni kuchaytirish;
  • faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga, shu jumladan tovarlarni realizatsiya qilishga, ishlarni bajarishga va xizmatlar ko‘rsatishga cheklovlar;
  • oziq-ovqatni va eng zarur narsalarni sotish, sotib olish hamda taqsimlashning alohida tartibi;
  • yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar, shuningdek, boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini taqiqlash yoki cheklash;
  • transport vositalarining harakatini cheklash va ularni ko‘zdan kechirishni amalga oshirish;
  • xavfli ishlab chiqarishlar hamda portlovchi, radioaktiv, shuningdek xavfli kimyoviy va biologik moddalardan foydalanadigan tashkilotlar faoliyatini to‘xtatib turish;
  • moddiy va madaniy qimmatliklarning yo‘q qilinishiga, o‘g‘irlanishiga yoki shikastlanishiga aniq tahdid mavjud bo‘lgan taqdirda, ularni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, ko‘chmas obyektlarga, shu jumladan, moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan esa ularni muhofaza qilishga doir tegishli choralar ko‘rish.

Komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslarni ushlab turish

Komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslar komendantlik soati tugagunga qadar, shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan (o‘z shaxsini yashirayotgan) shaxslar esa — ichki ishlar organi boshlig‘ining qaroriga ko‘ra ko‘pi bilan 24 soat muddatga ushlab turilishi mumkin.

Ushlab turilgan shaxslar, ular bilan birga bo‘lgan narsalar va transport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilishi mumkin. Ichki ishlar organi boshlig‘ining ushlab turish to‘g‘risidagi qarori ustidan yuqori mansabdor shaxsga yoki sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

Komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish qonuniyligini nazorat qilish prokuror tomonidan amalga oshiriladi.

Favqulodda holat joriy etilgan hududda odamlar, hayvonlar va o‘simliklarning xavfli yuqumli kasalliklari yuzaga kelishi hamda tarqalish xavfi tufayli cheklovli tadbirlar (karantin) joriy etilgan taqdirda, favqulodda holat rejimini buzgan, belgilangan hududda yashamaydigan va undan tashqariga chiqarib yuborilishi lozim bo‘lgan fuqarolar shu shaxslar uchun belgilangan tibbiy kuzatuv muddati tugagunga qadar umumiy asoslarda ushlab turiladi.

FH hududida Odil sudlovni amalga oshirish

Favqulodda holat joriy etilgan hududda odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi va shu hududdagi barcha sudlar faoliyat ko‘rsatadi.

Favqulodda sudlarning biror-bir shaklini yoki turini yaratishga, huddi shuningdek, tezlashtirilgan yoki favqulodda sud ishlarini yuritishning har qanday shakllari va turlarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hududda faoliyat yuritayotgan sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan taqdirda, sudlarda ko‘rib chiqiladigan ishlarning sudlovga tegishliligi Oliy sud qaroriga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin.

Hujjatga berilgan izohda qayd etilishicha, qonun jahonda koronavirus pandemiyasi tarqalishi sharoitida xalqaro tajribani hisobga olgan holda tayyorlangan.

Qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida parlamentning ayrim deputatlari pandemiyaning dastlabki kunlaridayoq mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish g‘oyasi jamiyatda keng muhokama qilinganini, biroq qonunchilikning yo‘qligi bunga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlashgandi.