Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 24 avgust kuni yalpi majlisda oila kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni kelgusida qayta ko‘rib chiqishdan olib tashlamadi, bu esa ro‘yxatga olish idorasiga ariza topshirilgan paytdan boshlab nikohni ro‘yxatdan o‘tkazgunga qadar bir oylik muddatni bekor qilishni taklif qildi.

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xodjayeva 4 avgust kuni Senat qonunni «kiritish bo‘yicha takliflar yetarli darajada asoslanmagani, shuningdek o‘rganilmagani, milliy va xorijiy tajribalar tahlil qilinmagan» deb hisoblab, qonunni rad etganini eslatib o‘tdi.

Bundan tashqari, amaldagi norma va qoidalar, ya’ni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan o‘tuvchilarning o‘z qarorlarini puxta o‘ylab ko‘rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o‘tishga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilayotgani aytilgandi.

Mavludaxon Xodjayevaning ta’kidlashicha, e’tirozlarni muhokama qilgandan so‘ng, Senatning mas’ul qo‘mitasi bilan birgalikda qonunni qo‘shimcha ko‘rib chiqishdan olib tashlash va «oilaning mustahkamligini ta’minlash, oilaviy munosabatlarni tartibga solish»ga e’tibor qaratish taklif etilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatni qonunchilik tashabbusi subyektiga qaytarish, uni qayta ishlash va yangi qonun tarzida kiritish uchun «unga yana bir imkoniyat berish» kerak.

Deputat Doniyor G‘aniyev qo‘mita xulosasiga qarshi chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Senat xulosasidagi da’volar «yetarli darajada asoslantirilmagan».

«Qolaversa, bu liberal, fuqarolarga yengillik yaratishni ko‘zda tutuvchi yaxshi qonun. Aynan qo‘mita raisining o‘zi ham buni bir necha bor aytgandi. Ya’ni, shar’iy nikoh yoki FHDYO orasida korrupsiya ko‘payishining oldini olishga qaratilgan qonunligi qayd etilgan. „Milliy tiklanish“ partiyasini bilmadim, lekin O‘zLiDeP partiyasi buni fraksiyada to‘liq qo‘llab-quvvatlagan edi», — dedi u.

Uning adliya vaziri Ruslanbek Davletovga tayanib aytishicha, qonun qabul qilingach, kelajakda notariuslarga nikohni qayd etish huquqi berilishi ham mumkin.

«Masalan Senatdan bitta e’tiroz kelayapti, amaldagi qonunda „tibbiy ko‘rikdan o‘tish o‘z roziligi bilan bo‘ladi“ deb yozilgan. Bizda qabul qilingan qonunda „o‘z ixtiyori“ bilan deb belgilangan. Meni nazdimda „o‘z roziligi“ bilan „o‘z ixtiyori“ so‘zlari bir xil narsa. Lekin Senat „o‘z ixtiyori“ bu boshqa narsa, o‘z roziligini o‘zgartirib, sizlar ularning huquqlarini poymol qilayapsizlar deyapti. Men buni tushunmadim», — dedi deputat.

U shuningdek, Senat ham, qo‘mita ham nikohni tuzish muddati belgilanmaganini sabab qilib ko‘rsatganini tanqid qildi. «Oila kodeksida turibdi. Ya’ni, [yoshlar] tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan bo‘lsa, o‘sha kun va shuningdek, kodeksda turibdi, ariza berganidan so‘ng 3 oy muddatda mumkin», — dedi u.

Parlament a’zosi 2021 yilning o‘zida 50 mingta nikoh belgilangan bir oylik muddatdan avval bo‘layapti. «Amaldagi kodeks bo‘yicha uzrli sabablar bo‘ladigan bo‘lsa bir oydan oldin bo‘lishi mumkin. Lekin bu uzrli sabab nimaligini hech kim bilmaydi. Bu FHDYO rahbari bilan ariza beruvchi o‘rtasidagi munosabat. Kim yaxshi pul uzatsa, kim yaxshi iltimos qilsa, bir oy avval to‘yiga ruxsat beriladi. Biz nima qilamiz bunaqa cheklovlar qo‘yib?», — dedi Doniyor G‘aniyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nikoh tuzayotgan inson voyaga yetgan shaxs va unga davlat qachon oila qurishini belgilab berishi kerak emas. «18 yoshga kirgan shaxs. Bizda unda ertaga nima va qachon ovqat yeyishini ham belgilab beraylik», — dedi u.

Doniyor Ganiyev qolgan deputatlarni qo‘mitaning qonunni ko‘rib chiqishdan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirdi.

Deputat Zafar Xudoyberdiyev partiyadoshini qo‘llab-quvvatladi.

«Men hozir qo‘mitaning pozitsiyasini tushunmayapman. „Senat rad etgandan keyin buni muhokama qildik, hammasi ular aytgandek to‘g‘ri“, deb baholashayapti. Nima uchun bu muhokama qonun takomiliga yetayotganida, bizni ishontirishayotganda, qonun loyihasi kun tartibiga qo‘yilib, yalpidan o‘tayotganda shu e’tirozlarni bizga aytishmadi? Yoki aytilgan bo‘lgan taqdirda ham, nimaga o‘zlarining pozitsiyasini himoya qilishdi?», — deya savol bilan yuzlandi u.

O‘zLiDePning yana bir a’zosi Rasul Kusherbayev ham qo‘mita aynan Senat qonunni rad etgachgina o‘z fikrini o‘zgartirganini ta’kidladi.

«Bu anglatadi-ki, bu yerda subyektiv omillar borga o‘xshaydi. Bitta fikr, bir qat’iy pozitsiyada bo‘lgan qo‘mita yoki Qonunchilik palatasining fikri keyin o‘zgarib qolishi kerak?», — dedi u.

Deputat Senat bilan kelishuv komissiyasini tuzmaslikni va qonun chiqaruvchilar bildirgan qat’iy qarorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzo chekishga prezidentga yuborish huquqidan foydalanishni taklif qildi. Parlament quyi palatasi reglamentining 15−1-moddasiga binoan, agar palata deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismining ko‘pchilik ovozi bilan Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta ma’qullasa, u Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi va prezidentga imzolash va e’lon qilish uchun yuboriladi.

«Amaliyotda biror marta foydalanmadik. Va hozir yana foydalanmasdan shu yo‘ldan ketmoqchimiz. Men ham deputatlarni shunga dav’at qilgan bo‘lardim-ki, ilgarigi tahrir bo‘yicha qat’iy fikrda qolaylik va qabul qilaylik. Chunki bu amalda odamlar yengilligi uchun xizmat qilishi isbotlab berilgan», — dedi u.

«Milliy tiklanish» partiyasi a’zosi Alisher Hamroyev Senatning «asoslantirish holati uncha yaxshi emasligini» tan oldi, biroq, yuqori palata «statistik ma’lumotlar, ijtimoiy munosabatlar borligini hisobga olganini» ta’kidladi. U qo‘mitani qo‘llab-quvvatlab, qonunni ko‘rib chiqishdan olib tashlashni va keyinchalik qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.


«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov esa «liberallar» (O‘zLiDeP deputatlari)dan boshqa partiyalarga hurmat bilan munosabat bo‘lishlarini so‘rab, qonunni ko‘rib chiqishdan olishni aynan O‘zLiDeP a’zosi taklif qilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u Senatning nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bir oylik muddatni bekor qilish to‘g‘risidagi tuzatishlarni rad etganini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. «Bu yerda kerak bo‘lsa to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentgacha olib chiqishimiz kerak. Himoya qila oladigan tizimimiz bor. Men hozir qo‘mitaning fikriga umuman qo‘shilmayman. Bu yerda iltimos, bir-birimiz bilan hurmat qilib gaplashaylik, o‘yin yoki bozor emas bu yer», — dedi u.

Qonunni to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga ko‘pchilik ovoz bilan yuborish imkoniyatiga to‘xtalar ekan, Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ushbu institutdan foydalanishga hali shoshilmaslik kerakligini aytdi. «U institutdan ham albatta qachondir foydalanarmiz. Lekin juda mukammal bo‘lib, hammaning fikri 100% bir joydan chiqqandagina bundan foydalanishimiz kerak, deb o‘ylayman. Qo‘mita hozir muhokamadan olib tashlaylik deyapti. Agar qo‘mita biz rozimiz, uchdan ikki qism qilaylik deganda, boshqa gap edi. Nima deysizlar? Muhokamadan olib tashlaylik», — dedi quyi palata yetakchisi.

Deputat Doniyor G‘aniyev mazkur qonun haqida prezidentga axborot berilganini qayd etdi.

«Va bu qonun loyihasidan davlat rahbaridan ruxsat olishgan. Shuningdek, qonun loyihasiga axborotiga qo‘l qo‘yganlardan bittasi Senat raisi [Tanzila Narbayeva] o‘zlari bo‘lganlar. Ya’ni bu oldindan kelishilgan. Ovoz berayotganda shuni inobatga olishlaringizni so‘rayman», — dedi u.


Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 113 nafar deputatdan 63 nafarigina qo‘mita taklifini qo‘llab-quvvatlashdi, 24 nafari qarshi bo‘ldi, 13 nafari betaraf qoldi va 11 nafari ovoz bermadi. Endi qo‘mita qonunni qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.