Toshkent shahar Bektemir tuman sudida yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini $35 ming evaziga sotmoqchi bo‘lgan ayolga hukm o‘qildi. Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi bolasini 15 yillik tanishiga bermoqchi bo‘lgan. U Jinoyat kodeksinin tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Bo‘stonliq tumanida ikki shaxs vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan bog‘ning 11,4 gektar yerini boshqa bir fuqaroga 550 000 dollarga sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. Ular kelishilgan puldan 50 ming dollarini Toshkent shahrida olishganda qo‘lga tushdi.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida 1961 yilda tug‘ilgan ayolning nomusiga tegganlikda gumonlangan va qidiruvga berilgan shaxs Jizzax viloyatida ushlandi. Qo‘lga olish jarayonida u Aydar-Arnasoy ko‘li ortidagi chekka hududlardan biriga yashiringani aniqlandi.
Dang‘ara tumanida nogiron onasini urgani uchun otasini o‘ldirib qo‘ygan 25 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, otasi spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va onasini muntazam kaltaklab kelgan. Yigit ushbu jinoyati uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Toshkentdagi maktabda 14 yoshli qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozod qilindi. 4 yilga qamalgan sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hukmdan 12 oy, uning ikki tanishi esa — yarim yil o‘tgach ozodlikka chiqdi. Qizning onasi esa bir yildan ko‘proq vaqtdan beri adolatga erishishga urinayapti.
Poytaxt hokimligi profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan shaharda jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechayotganini ma’lum qildi. Jumladan, 6 oy davomida 10381 ta jinoyat sodir etilgan. Qolaversa, 5436 nafar fuqaro tilanchilik va 19 749 nafar fuqaro daydilikda gumonlanib, profilaktik suhbatdan o‘tkazilgan.
Sud Toshkent shahar Yunusobod tumanida pichoq qo‘llanilgan oktabr mojarosi ishtirokchilari, shuningdek, Toshkent viloyatida fohishaxona tashkil etgan shaxslarga nisbatan hukmni o‘qib eshittirdi. Ularning ikki nafari qamaldi, yana ikki nafarining ozodligi cheklandi, bir nafari esa ozod qilindi.
Andijon shahrida 2 nafar bolaning o‘limida gumonlanib, 27 yoshli ayol hibsga olindi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, u ushbu jinoyatni oilasi buzilib ketishiga sababchi bo‘lgan xolavachchasi bilan tortishib qolgani uchun sodir etganini tan olgan. U shu yo‘l orqali xolavachchasidan qasd olgani aytilmoqda.
Toshkent shahridagi Yangiobod bozorining mas’ul xodimlaridan biri tadbirkorga xaridorlar gavjum joydan noqonuniy tarzda savdo do‘koni olib berishga uringani aytilmoqda. U buning evaziga 10 ming dollar talab qilib, shundan 8,5 ming dollarini olganida ushlangan.
Toshkent shahrida yil boshidan beri 7777 ta jinoyat fosh etilib, 537 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Poytaxt IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 2435 ta jinoyat ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan, shundan 769 tasi narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq. Buning natijasida 217,3 kg giyohvandlik va 24,3 kg psixotrop vositalar aylanmasining oldi olingan.
Senatning yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2021 yilda har uchinchi qotillik (158 tasi) va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi oilaviy muammolar tufayli sodir etilganini ma’lum qildi. Qolaversa, o‘tgan yili aniqlangan jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgani, qidiruvdagi 4,6 mingdan ortiq shaxs esa ushlangani aytildi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida erkak 81 yoshli keksa ayoldan suv so‘rab, shundan so‘ng, uni sintetik mato bilan bo‘g‘ib, xonadondagi 1 mln so‘mni o‘zlashtirgani aytilmoqda. Tergov harakatlari natijasida bu ishni amalga oshirganlikda 50 yoshli erkak gumonlanib, hibsga olingan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Poytaxtda o‘tgan konferensiyada adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘nggi 5 yilda 14 mingdan ortiq mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatni sodir etganini ma’lum qildi. Shundan eng ko‘pi tuman miqyosidagi amaldorlar hisoblanadi. Vazir shuningdek, bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘lsa, o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qonun buzilishini aytib o‘tdi.
Poytaxtdagi jamoat transportlarida tegajog‘lik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kampaniya boshlandi. Avtobus salonlarida bannerlar va favqulodda to‘xtatish tugmalari joriy qilindi. «Gazeta.uz» xarassment qurbonlari qanday harakat qilishi lozimligi, qolaversa, haydovchi va chiptachi ushbu holatga qay tarzda munosabat bildirishi kerakligi hamda xorijda zo‘ravonlikka qarshi qanday kurash olib borilayotganini o‘rgandi. O‘zbekiston qonunchiligida tegajog‘liq uchun javobgarlik mavjud emas. Huquqbuzarni «haqorat qilish» moddasi bilan javobgarlikka tortish rejalashtirilgan.
Interpol tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi BAAda qo‘lga olindi. Mazkur shaxs JKning terrorizm, qo‘poruvchilik, jinoiy uyushma tashkil etish va ommaviy tartibsizliklar moddalaridagi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilganligi uchun 2006 yildan beri qidiruvda bo‘lgan.
Prezident farzand asrab olish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, hayotga, sog‘liqqa qarshi, giyohvandlik va boshqa jinoyatlarni qasddan sodir etganlar bola asrab olishi mumkin emas deb belgilanmoqda. Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini o‘taganlarga esa farzand asrab olishga ruxsat beriladi. Qolaversa, farzandlikka oluvchi va olinuvchi yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart.
Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sportchi qotillikda gumonlanuvchilardan biri bilan o‘zaro nizoda bo‘lgani aytildi. Gumonlanuvchilarning eng kattasi 29 yoshda, eng kichigi — 16−17 yoshli maktab o‘quvchilari. Mazkur ish bo‘yicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga oshgan. 217 ta qotillik jinoyatlarining har uchinchisi qarindoshlar yoki qo‘shnilar o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Oxirgi to‘rt yarim yil ichida 9546 nafar shaxs turli ko‘rinishdagi korrupsion jinoyatlarni sodir etgan. Buning oqibatida davlat va fuqarolar manfaatlariga 3 trln 200 mlrd so‘mga yaqin ziyon yetkazilgan.
Toshkent shahrida 34 nafar fuqarolarning nomidan 897 mln so‘m onlayn-kredit mablag‘larini noqonuniy tarzda qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi. Firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting