Toshkent shahrida joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida 7777 ta jinoyat fosh etildi, shundan 221 tasi o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlar toifasiga kiradi.

Bu haqda poytaxt IIBB boshlig‘i Aziz Tashpulatov, shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov va Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Atamurad Axmedov ishtirokida o‘tgan hisobot yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, yil boshidan beri 537 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib, jazoga tortilgan.

Qolaversa, ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan 2435 ta jinoyat, shundan 769 tasi giyohvandlik va psixotrop vositalarining noqonuniy savdosi holatlari aniqlangan. Bunda 217 kg 305 gramm giyohvandlik va 24 kg 328 gramm kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining tarqalib ketishining oldi olingan.

Yig‘ilish yakunida, huquqni muhofaza qilish organlarining ayrim rahbarlarining faoliyati qattiq tanqid qilinib, 2-chorak yakuni bo‘yicha ko‘rsatkichlar ijobiy tomonga o‘zgarmagan taqdirda egallab turgan lavozimlaridan ozod etilishlari to‘g‘risida ogohlantirildi.

Qolaversa, Toshkent shahar hududida jinoyat salmog‘i yuqori deb topilgan 169 ta mahallalarga mas’ul rahbarlar biriktirilib, ularga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, shahar prokurori, IIBB rahbari va Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining «Xavfsiz poytaxt» profilaktik oyligini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma qarori tasdiqlandi.