Interpolning O‘zbekistondagi milliy markaziy byurosi (MMB) tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Birlashgan Arab Amirliklari Interpol MMB xodimlari bilan hamkorlikdagi tezkor qidiruv tadbiri natijasida qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu shaxs O‘zbekiston fuqarosi S.M. (1972 y.t.) bo‘lib, uning tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155 (terrorizm), 161 (qo‘poruvchilik), 242 (jinoiy uyushma tashkil etish) va 244 (ommaviy tartibsizliklar) moddalarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilganligi uchun O‘zbekiston huquq tartibot organlari tomonidan 2006 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

Avval olingan materiallar asosida ushbu shaxsning taxminiy joylashuvi haqidagi ma’lumot Interpolning Bosh Kotibiyatiga yuborilgan. Fuqaro S.M. 2006 yildan boshlab AQSh hududida yashirinib yurganligi aniqlangan.

IIV qayd etishiga ko‘ra, 2021 yilning sentabr oyida Vashington MMB tomonidan fuqaro S.M. AQSh hududuni tark etganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

O‘zbekistondagi MMB Interpoli va BAA Abu-Dabi Interpoli xodimlarining hamkorlikdagi tezkor qidiruv tadbiri natijasida fuqaro S.M. Abu-Dabiga yetib kelgan kunidan besh kun o‘tib qo‘lga olingan.

Hozirda fuqaroni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.