Toshkentdagi maktablardan biridagi 14 yoshli o‘quvchi-qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozodlikka chiqarildi. Bu haqda zo‘ravonliklarga qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz (Sukut saqlama) loyihasi xabar berdi.

Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 2021 yilning 27 aprelida sodir bo‘lgan, maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi qizni «aldab ijarga olingan kvartiraga olib boradi va ikki do‘sti bilan uni jinsiy aloqa qilishga ko‘ndiradi».

«Qiz qarshilik ko‘rsatmagani uchun tergov tomonidan guruh bo‘lib zo‘rlash bo‘yicha emas, balki O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi „Voyaga yetmagan bola bilan ixtiyoriy jinsiy aloqada bo‘lish“ bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Apellyatsiyada esa qizning onasi yutqazdi», — deyiladi xabarda.

Sudlanganlarning ikki nafari atigi yarim yil qamoqda o‘tirib chiqqani aytilmoqda. Asosiy tashabbuskor — sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi esa — qamalganidan 12 oy o‘tib ozodlikka chiqdi. Sudlanganlardan biri ayni damda tibbiyot markazida registrator bo‘lib ishlamoqda, xususan, bolalarga ham tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Nemolchi.uz so‘roviga ko‘ra, quyidagilarni ma’lum qildi: maktabda avval o‘qituvchi bo‘lib ishlagan (1991 y.t.) X.A.X, 2021 yil 11 noyabr kuni JKning 128-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 4 yil qamoq jazosiga hukm qilingan va muddat 2021 yil 4 maydan hisoblanishi ko‘zda tutilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2022 yid 7 maydagi ajrmiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 27 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Uning do‘sti, 1993 y.t. G. B.Sh., sudning 2021 yil 11 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, JKning 128-moddasi 1-qismiga asosan 2 yil muddatga ozolikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oxangaron tuman sudining 2022 yil 12 maydagi ajrmiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Yana bir ishtirokchi 1994 y.t. M.M.M. ga nisbatan sudning 2021 yil 11 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, JKning 128-moddasi 1-qismiga asosan 2 yil muddatga ozolikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oxangaron tuman sudining 2022 yil 12 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Nemolchi.uz tahririyati bir necha bor O‘zbekiston qonunchiligi bu kabi jinoyatlarni sodir etganlarga hayrixohligini yozganini eslatib o‘tdi.

«Ko‘rganingizday, jinoyatchilar hatto o‘sha minimal jazo muddatlarini ham oxirigacha o‘tamas ekan. O‘zbekiston qonunlari ularga muddatidan avval ozodlikka chiqish va hatto bolalar bilan ishlash imkonini berar ekan. Bunday qonunlari o‘zgartira oladigan va bolalarimizni himoya qila oladigan qonun ishlab chiqaruvchilar va deputatlardan umidimiz katta», — deyiladi munosabatda.