Toshkentda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechmoqda. Bu haqda 20 iyul kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 67-sessiyasida ma’lum qilindi, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Deputatlar sessiya davomida shahar IIBB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Murodilla Aliqoriyevning hibosotini tinglashgan.

«Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamda olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida jami 10381 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 615 tasi ko‘cha va jamoat joylarida ichki ishlar organlari xizmat olib boradigan hududlarga to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatgichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kam», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, doimiy ravishda reydlar o‘tkazib kelinayotganligi ham jamoat xavfsizligini saqlashda yordam bermoqda.

«Tadbirlar davomida 5436 nafar fuqaro tilanchilik va 19 749 nafar fuqaro daydilikda gumon qilinib, tuman IIBlariga topshirildi. Ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Shu bilan birga, 12 782 nafar shaxslarda 13 710 ta o‘tkir tig‘li va boshqa jismlar aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda hujjatlashtirildi, ularning 2868 nafariga ma’muriy tartibda chora ko‘rildi, qolgan 9914 nafari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Deputatlar shuningdek, poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Maqsudxo‘jayevning ham hisobotini tinglashdi.

Ta’kidlanishicha, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramasdan 413 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. «Oqibatda 377 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 36 nafari vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Sabablari o‘rganilganda, piyodalar ishtirokidagi hodisalar jami holatlarning 56,4 foizini tashkil etadi, 20 foizi esa piyodalarning qatnov qismini belgilanmagan joyidan kesib o‘tishlari oqibatida sodir bo‘lgan. Hodisalarning 48,6 foizi haydovchilarning tezlikni oshirganligi sababli ro‘y bergan.

Avvalroq, mazkur sessiyada Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Murodilla Aliqoriyev poytaxtda yoshlar orasida tramadol va boshqa psixotrop moddalarni iste’mol qilish holatlari juda ko‘payganini ta’kidlagani haqida yozgandik. Uning so‘zlariga ko‘ra, dorilar asosan mamlakatga aylanma yo‘llar orqali kirib kelmoqda va «qora bozor»da sotilmoqda.