Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi bog‘ yerini 550 000 AQSh dollariga sotishga urinishdi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament va IIV xodimlari hamkorlikda Toshkent shahrining Olmazor tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Ikki shaxs ulardan biriga berilgan Bo‘stonliq tumani «G‘azalkent» QFY hududidagi uzoq muddatga vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan 11,4 gektar bog‘dorchilik yerini boshqa bir fuqaroga sotishga kelishib olgan.

Hujjatlarni rasmiylashtirib berish masalalarini esa go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida hal qilib berishlarini aytib, evaziga kelishilgan 550 000 AQSh dollaridan 50 mingini olgan vaqtlarida ushlandi, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.