Toshkent shahridagi jamoat transportida zo‘ravonlikka qarshi kurashish va muammo haqida avtobuslarda jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha kampaniyaga start berildi. Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish kuniga bag‘ishlangan loyiha 25 noyabr kuni taqdim etildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Loyiha doirasida «Toshshahartransxizmat» kompaniyasining 20 ta yo‘nalishli avtobusi salonlarida tegajog‘likka yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi axboriy bannerlar e’lon qilindi. Bundan tashqari, favqulodda to‘xtatish tugmalari ham joriy etilmoqda.

Chiptalarda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik hamda tegajog‘lik qurbonlari yordam so‘rashlari lozimligi hamda huquqbuzarga qarshilik ko‘rsatish uchun qanday harakat qilishlari kerakligi haqidagi ma’lumotlar chop etiladi. Bu haqda shuningdek, maxsus veb sayt orqali ham xabar berish mumkin. Sahifaning o‘zida yana qo‘shimcha ma’lumotlar olish mumkin.


Kampaniyaga tayyorgarlik ko‘rish davomida 605 kreativ agentligi ko‘ngillilari 100 ga yaqin toshkentliklardan jamoat transportida tegajog‘lik qilish xolatlari yuzasidan maxsus so‘rovnoma o‘tkazgan. Ishtirokchilarning 77,5 foizi ayollarni tashkil etgan.

«Jamoat transportlarida uchraydigan tegajog‘lik qilish xolatlarini sezsangiz nima qilishingiz kerak?», degan savolga ishtirokchilarning 51 foizi «bilmayman» deb javob bergan. Shunga qaramasdan, respondentlarning 12,5 foizi doimiy ravishda tegajog‘lik holatiga duch kelganini ma’lum qilgan. Ularning 40 foizi esa bir yoki ikki marta, so‘rovnomaning har oltinchi ishtirokchisi esa ularning tanishlari va yaqinlari zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini qayd etishgan.

«Men ushbu muammo borligi har doim bilganman, — deydi „Toshshahartransxizmat“ kuzatuv kengashi a’zosi Aziza Umarova. — Men o‘zim ham tegajog‘lik holatlariga duch kelganman, mening barcha tanishlarim tegajog‘likka uchragan. Va men mazkur muammoni hal qilishga qaror qildim».

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoat transportida jinsiy xarassment (shilqimlik) haqida sukut saqlash odatga aylangan. Natijada esa ko‘pincha tegajog‘lik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalar qanday qilib yordam so‘rashni bilishmaydi hamda boshqalar tomonidan noto‘g‘ri hukm qilinishdan qo‘rqishadi

Aziza Umarova dekabrga qadar boshqa yo‘nalishlardagi transportlarda ham axboriy bannerlar avtobuslarning salonlari va tashqarisiga yopishtirilishini qo‘shimcha qildi.


Ijtimoiy reklama tegajog‘lik qurbonlarini befarq bo‘lmaslikka, gumonlanuvchini to‘xtatib qolishga yoki bu haqda chiptachi va haydovchini xabardor qilish hamda boshqalardan yordam so‘rashga chorlab qoladi.

Shilqimlik qurbonlariga esa jim turmaslik, favqulodda to‘xtatish tugmasini bosish, tegajog‘lik haqida chiptachi yoki avtobus haydovchisini ogohlantirish, qolaversa, atrofdagi boshqa insonlardan yordam so‘rash tavsiya etiladi.

Jamoat transportida tegajog‘lik qilganlikda gumonlanganlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning «haqorat qilish» moddasi bilan javobgarlikka tortib kelingan. Ushbu huquqbuzarlik BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha jarimaga tortishga sabab bo‘ladi. Jarimaga tortilgandan so‘ng, ushbu huquqbuzarlikni qayta sodir etish BHMning 200 baravarigacha jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha ahloq tuzatish ishlari bilan (Jinoyat kodeksiga asosan) jazolashga sabab bo‘ladi.

Favqulodda to‘xtatish tugmalari avtobuslarning salonidagi vertikal qo‘l tutqichlarida joylashgan. Tez orada ularda huquqni muhofaza qilish organlari bilan aloqani ta’minlovchi «102» yozuvli yopishtirgichlar ham paydo bo‘ladi. Biroq, avtobusni to‘xtatish kerakligi haqidagi xabar haydovchi tomonidan qabul qilinadi.


Aziza Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, hozir SOS tugmalari barcha avtobuslarda ham ishlamaydi. Ularning ko‘pchiligi allaqachon ishdan chiqqan. Ularni qayta ta’mirlash talab etiladi.

Yo‘l chiptalarida quyidagi yozuvchilar qayd etiladi: «Sizga nisbatan tegajog‘lik holati yuz bersa, chiptachiga xabar bering, uyalmang, siz qonun himoyasidasiz. Zaiflarni himoya qilish — barchamizning burchimiz!».

Foto: Aziza Umarova / Facebook.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, yo‘l uchun naqd pulsiz to‘lov qilayotgan yo‘lovchilar tegajog‘likka yo‘l qo‘ymaslik, shilqimlik holatiga guvoh bo‘lib qolsa yoki jabrlanuvchi haqida ma’lumotga ega bo‘lsa befarq bo‘lmaslik haqida SMS-xabarnomalar oladi.

Hozirda xabarnomalarni davriy yuborib turish masalasi hal qilinmoqda.

Eshitish va ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lganlar uchun esa tegajog‘lik muammolariga qarshi kurashish haqidagi audio va vizual tarzdagi xabarnomalar jamoat transportida keyingi haftadan boshlab e’lon qilib boriladi, deb «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi 605 kreativ agentligi rahbari Otabek Sharapov.

«Toshshahartransxizmat» boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Agzam Abdullayev haylovchi va chiptachi tegajog‘lik holati yuz berganda birinchi galda jabrlanuvchiga zudlik bilan yordam berishi lozimligini ma’lum qildi.

«Biz haydovchi va chiptachilarga shu kabi holatlar yuz bergan taqdirda ular ichki ishlar organlariga xabar berishi kerakligini tushuntirayapmiz», — dedi Agzam Abdullayev.

«Gazeta.uz» muxbiri gumondor shaxsga nisbatan haydovchi va chiptachi qanday harakat qilishi mumkinligi bilan qiziqdi.

TSHTX rahbarining birinchi o‘rinbosari transport personali uchun qo‘llanma hanuz ishlab chiqilayotgani va tahminan yil oxiriga qadar yakuniga yetib qolishini ma’lum qildi.

«Qo‘llanmada ular nima qilishi mumkinligi va o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida aniq chora-tadbirlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Biz bu masalani IIV va FVV bilan kollegial tarzda hal qilishimiz zarur», — dedi Agzam Abdullayev.

Aziza Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, tegajog‘lik haqida xabar berilgan taqdirda haydovchilar va konduktorlar ichki ishlar bo‘limi bilan ishlashi kerak, ularning vakillari gumonlanuvchini marshrutning oxirgi bekatida yoki undan oldinroq kutib olishi lozim.

«Ichki hujjat bor. U davlat kompaniyasi rahbari buyrug‘i darajasida mavjud… Tartibi avtobusda janjal ko‘targan mast kishi [qarovsiz qoldirilgan yuklar] bilan ishlash kabi bir xil bo‘ladi. Huquqni muhofaza qilish organlari bilan ishlab chiqilgan protokol mavjud. Bu yerda ham huddi shu kabi tartib qo‘llaniladi», — deya qayd etdi Aziza Umarova.

U shuningdek, transport personali o‘z ishini tashlab, gumondor bilan shug‘ullana olmasligini ham tan oldi. «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatlashgan haydovchi va chiptachi bunga birinchi o‘rinda rejali ish tizimi halaqit qilishini ta’kidlashdi.

Aziza Umarova transport personalida gumondorni ushlab qolish uchun vakolat yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi. Shuning uchun ham aholining mazkur muammo yuzasidan xabardorligini oshirish muhim deb hisoblaydi u.

Qayd etish joiz, poytaxtda kunlik xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslar soni aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmaydi. Buning natijasida esa yo‘lovchilar o‘z yo‘nalishidagi avtobusni uzoq vaqt kutishiga olib keladi, tirbanklik vaqtida esa salonlarda tiqilinchlar yuzaga keladi.

Isuzu NP 37 i HC 40 avtobuslari bilan ta’minlangan ko‘plab yo‘nalishlarda yo‘lovchilar sig‘imi kamligi bois fuqarolarning tiqilib turib olishiga to‘g‘ri keladi. Odamlarning bir-biriga itarilib turishi esa o‘z navbatida tegajog‘lik uchun qulay sharoitni yaratib qo‘yadi.


Katta hajmli avtomobillarni xarid qilish va liniyalarda avtobuslar sonini ko‘paytirish transport oralig‘ini qisqartirishga xizmat qiladi, bu esa jamoat transportida shilqimlik qilish holatlarini kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kampaniyaga start berishga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etgan Isroil elchisi Zexavit Ben-Xillel «Gazeta.uz» muxbiriga o‘zining mamlakatida jamoat transportida tegajog‘likka qarshi qanday kurashilayotgani haqida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday huquqbuzarliklar va jinoyatlar, jumladan, tegajog‘lik bilan to‘qnashganda, jamoat transporti haydovchilari eshiklarni yopish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri militsiya bo‘limiga borish, to‘xtash joylarini chetlab o‘tish va marshrutdan chetga chiqish huquqiga ega.

Isroil elchisi Zexavit Ben-Xillel (chapda).

Elchining ta’kidlashicha, o‘tgan yili Isroilda ham jinsiy xarassmentga qarshi kampaniya o‘tkazilgan. Biroq, shunga qaramasdan, tegajog‘lik holatlari uchrab turadi, shuning uchun bu haqda ko‘proq gapirish lozim:

«Bizning insoniy ishimiz — ayollar qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar himoya ostida ekanligiga ishonch hosil qilishdan iborat. Frotterizm va jinsiy xarassment, afsuski dunyoda keng tarqalgan muammodir. Buni anglash — muvaffaqiyat garovidir. Agar biz bu haqda gapiraversak, odamlar tegajog‘lik yomonligini uqib oladi va tushunadi».

Zexavit Ben-Xillel aholi xabardorligi bilan jamoat transportidagi tegajog‘lik holatlari kamayishiga umid bildirdi va bu uning uchun ham ayol ham inson sifatida muhimligini ta’kidladi.

TSHTX rahbarining birinchi o‘rinbosari Agzam Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, boshqa jamoat transportlari, xususan, Toshkent metropoliteni o‘rnak olib, yerosti yo‘lida tegajog‘lik holatlariga qarshi kurashishni boshlashi mumkin.

605 agentligi rahbari Otabek Sharapov esa ko‘ngillilar allaqachon Toshkent metropoliteni rahbariyatiga murojaat bilan chiqishgani, biroq, javob hali olinmaganini ma’lum qildi.

Aziza Umarova shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Jumladan, u imkoniyati cheklangan shaxslarga jamoat transportining noqulayligi muammosi bilan shug‘ullanish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

«Men jismoniy muhitda — odamlar avtobus bekatiga qanday yetib olishi bilan bog‘liq juda katta muammolar borligini tushunaman. Biroq, panduslar muammosi, hozirda shundoq ham kamayib ketayotgan avtobuslar, ulardagi noqulayliklar hamda eshitish va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan yo‘lovchilar uchun audio va vizual xabarnomalar mavjud emasligi — bu vakolatim doirasida hal qilishga urinib ko‘rishim mumkin bo‘lgan keyingi muammolardir», — dedi u.