Oxirgi 5 yil davomida O‘zbekistonda korrupsion qilmishni sodir etib, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni 14 mingdan oshgan.

Adliya vazirligining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, bu haqda vazir Ruslanbek Davletov prokuratura organlari tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada aytib o‘tgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, shundan 160 nafardan ortig‘i respublika, 1 ming 270 nafardan ko‘prog‘i viloyat hamda 13 ming nafardan oshig‘i tuman miqyosidagi mansabdor shaxslarni tashkil etgan.

«Oxirgi uch yilda prokuratura organlari tomonidan qonuniylikni ta’minlash maqsadida jami 540 mingdan ortiq prokuror hujjatlari qo‘llanilgan. Bu bir oddiy raqamdek ko‘rinadi, lekin bu raqamlar ortida katta mehnat yotganligini tasavvur qilish qiyin emas», — dedi Ruslanbek Davletov.

2021 yilning o‘tgan 6 oyida 140 mingdan ortiq fuqaroning murojaati hal etilib, 23 mingga yaqin shaxsning buzilgan huquqlari tiklangani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, faqatgina prokuraturaning bir o‘zi qonuniylikni to‘liq ta’minlay olmaydi. Albatta, bu yerda boshqa davlat tashkilotlari ham, jamoatchilik ham faol ishtirok etishi kerak.

«Nazorat-tekshiruv sohasi hali hamon islohotga muhtoj. Bu o‘rinda biz bugungi kunda respublikadagi turli davlat boshqaruv organlari tarkibidagi 50 dan ortiq nazorat-tekshiruv idoralarini nazarda tutayapmiz. Ularning 10 dan ortig‘i o‘zlari tekshirishi kerak bo‘lgan vazirlik va idoralarga bo‘ysunadi. Bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qandaydir qonun buzilish holatlari kelib chiqadi», — degan Ruslanbek Davletov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura organlari har bir qadamni nazorat qila olmaydi.

«Bunga resurslar ham yetmaydi. Birorta davlatda bunday holat yo‘q. Shundan kelib chiqib, nazorat-tekshiruv idoralari tizimini isloh qilib, prokuratura bilan hamkorligini samarali tarzda yo‘lga qo‘ya olsak, bu qonun ustuvorligini ta’minlash nuqtai nazaridan anchagina foydali bo‘ladi», — dedi vazir.

Vazirning ta’kidlashicha, adliya organlari va prokuratura o‘rtasidagi hamkorlik ancha mustahkamlangan. Bugungi kunda 3 ta kodeks, Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat ijroiya kodeklari ustida birgalikda ish olib borilmoqda.