27 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi poytaxtda pichoq qo‘llanilgan holda sodir etilgan ommaviy mushtlashuvga oid ish yakunida sud hukmini e’lon qildi. Bu haqda shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

2021 yilning 31 oktabr kuni kechasi Bog‘ishamol ko‘chasida 10 nafarga yaqin kishi ishtirokida mojaro sodir bo‘lgandi. Kuzatuv kamerasiga 5 kishi oldiga ikkita avtomobil kelib to‘xtagani va undan 10 dan ortiq kishi tushib, ularga tomon harakatlangani tushib qolgan. 5 nafar yigit ulardan qochishga uringan, ikki nafari Chevrolet Equinox avtomobiliga o‘tirib, haydab ketishga muvaffaq bo‘ladi. Hujum qilganlarning ikki nafari pichoq bilan mashinaning old g‘ildiragini teshishga ulguradi.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB tomonidan JKning 277-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik qilish; hayotga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan pichoq yoki buyumdan foydalanish yoki ishlatish tahdidi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ish materiallariga ko‘ra, Jahongir A. (1982 yilda tug‘ilgan), Mirtolip X. (1991), Sultonmurod M. (1993), Siyovush X. (1996) va shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan boshqa fuqarolar jinoiy til biriktirgan. 31 oktabr kuni ular «pichoq va boshqa buyumlar bilan qurollanib, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti (SamPI) yaqinidagi savdo markazi oldida besh kishiga o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish maqsadida ularga hujum qilib, o‘ldirish va jiddiy tan jarohati yetkazilishini namoyon qiluvchi faol harakatlarni amalga oshirgan. Ammo bundan xavfsiragan jabrlanuvchilar voqea joyidan qochishga muvaffaq bo‘lishgan.

Shahar sudi xabariga muvofiq, sudlanuvchilardan biri, Yuqori Chirchiq tumanidagi «Shodlik» ko‘ngilochar maskanida sauna ma’muri bo‘lib ishlagan Botirxo‘ja T. (1992) 2021 yilning noyabr oyida Sultonmurod M. bilan jinoiy til biriktirgan. Ular u yerda fohishaxona tashkil qilib, pul evaziga jinsiy aloqa qilish uchun sharoit yaratib berishgan, har bir mijozdan olingan 200 ming so‘mning 50 ming so‘mini ulush sifatida o‘zida qoldirgan.

Jinoyat ishini sudya Murodjon Mirzajonov ko‘rib chiqdi. Voqea bo‘yicha olti kishi sudlangan, besh kishi aybli deb topilgan.

Sud Jaxongir A.ni JKning 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘ravonlik qo‘llash orqali qo‘rqitish) bilan aybdor deb topib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Sud uning 2021 yilning 6 noyabridan beri qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini to‘liq o‘tagan deb hisoblashni belgilab, unga nisbatan qo‘llanilgan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qildi va u sud zalida qamoqdan ozod qildi. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar J. A.ga nisbatan «munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Mirtolip X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi aybliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib harakatdan tugatildi. Shu bilan birga, sudlanuvchi 112-moddaning 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘ravonlik qilish bilan tahdid qilish) bilan aybdor deb topildi va unga ish haqining 20 foizini ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. JIB Mirzo Ulug‘bek tumani sudining 2020 yil 5 iyundagi hukmi bilan birga, uning jazolari qo‘shib hisoblanib, 2021 yil 6 noyabrdan beri qamoqdaligi hisobga olinib, uzil-kesil 10 oy 9 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi. M. X.ga nisbatan qo‘llanilgan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Siyovush X. ham o‘ldirish yoki kuch ishlatish bilan qo‘rqitishda aybdor deb topilib, tayinlangan jazoni o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan BHMning 50 baravari (11,15 mln so‘m) jarima belgilanib, 2 yil 6 oy 26 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Sultonmurod M. 112-moddaning 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘ravonlik qilish bilan tahdid qilish), 131-moddaning 3-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va JK 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan aybdor deb topilib, 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud Botirxo‘ja T.ni ham qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash va o‘zboshimchalikda aybdor deb topib, 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.