Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida 16 may kuni otasini o‘ldirib qo‘ygan 25 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi.

«Sevimli» telekanalining «Zamon» dasturi reportajida ta’kidlanishicha, ota spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘ygan va xotinini mast holda muntazam ravishda kaltaklab kelgan.

Yigitning tergov va sud jarayonida bergan ko‘rsatmalariga ko‘ra, otasining spirtli ichimlik ichishiga mukkasidan ketishi bir necha marta oilaviy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.

Jinoyat sodir etilgan kunda ham erkak uyga kelib, xotinidan birinchi guruh nogironligi uchun oladigan nafaqa pulini berishni talab qilgan va yana aroq sotib olishini bildirgan. Ayol pul yo‘qligini aytganida er uni ura boshlagan. Holatga guvoh bo‘lgan yigit otasiga tashlanib, yerga yotqizgan va ko‘krak qismiga bir necha marta tepgan. Yakunda esa yigit otasining egnida bo‘lgan kiyim bog‘ichi bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmalari, hujjat va dalillarga tayangan holda JIB Dang‘ara tuman sudi yigitni JKning 97-moddasi 1-qismida (Qasddan odam o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 10 yillik muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.