Zangiota tumanida Davlat xizmatlari markazi xodimi 10 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 24 mln AQSh dollariga sotib olib berishini aytib, fuqarodan pulning bir qismini olyotganda ushlandi. Bundan tashqari, O‘rta Chirchiq tumanida 4 gektar yerni 2,5 mln dollarga olib berishini aytgan shaxs ham qo‘lga olindi.
Poytaxtdagi qurilish korxonasi xodimi ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga tadbirkordan 300 ming dollar olganlikda gumonlanib qo‘lga olindi.
Farg‘onada maxsus maktab internat xodimi hamda o‘qituvchi, Toshkent shahrida talaba, Buxoroda esa universitet xodimi fuqarolardan o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olganlikda gumonlanib ushlandi. Sirdaryo viloyatida ham bir fuqaro 4500 dollar bilan xuddi shu jinoyat bo‘yicha qo‘lga olindi.
DXX va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomaladan qariyb 14 kg giyohvandlik vositalari musodara qilindi, ularning aksariyati Qirg‘iziston va Tojikistondan O‘zbekistonga olib kirilgan.
DXX xodimlari tomonidan Qiziltepa tumanida 195 dona mayning qurilmalarini o‘rnatgan ferma aniqlandi. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida ferma davlatga 9,6 mlrd so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Qoraqalpog‘istonda fermer mansabdor tanishlari orqali jami 620 gektar yerni $400 mingga fuqaro nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgani, pulning yarmini olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Shuningdek, Samarqand va Namangan viloyatlarida ham noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
DXX tomonidan Samarqandda ikki fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborishi uchun 44 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi.
Davlatobod tumanida sof quyma oltinlarni 20 ming dollarga sotayotgan ikki shaxs ushlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, oltin bahosi 222,8 mln so‘mga baholangan.
DXX “Xorazm yo‘l qurilish” bo‘lim boshlig‘ini tadbirkordan 48 ming dollar olayotganda, Xivada esa Davlat kadastrlari palatasi xodimini yer sotib olgan fuqarodan 60 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga oldi.
2022-yilda Rossiyada mehnat migranti bo‘lib ishlagan Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
DXX xodimlari tomonidan 1 kilogramdan ziyodroq og‘irlikdagi 999 probali oltin bo‘laklari va 838 gramli yoqut toshining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Ularning umumiy narxi 1,27 mlrd so‘mdan oshadi.
DXX tomonidan Farg‘ona va Andijon viloyatlarida fuqarolarning ishonchiga kirib, Haj ziyoratiga yuborish evaziga pul olgan shaxslar qo‘lga olindi.
Yashnobod va Uchtepa tumanlarida fuqarolarga jami $22,5 ming evaziga Haj vizasi va kvota olib bermoqchi bo‘lgan firma mutasaddilari qo‘lga olindi. Ular 4 ming dollarni bo‘nak sifatida olayotganlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkentda xususiy firma rahbarlari tanishlari orqali fuqaro va uning onasiga Haj vizasini tayyorlab berish uchun 20 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. Ular 4 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sergeli tumanida to‘rt nafar fuqaro 100 ming qalbaki AQSh dollarini 70 ming dollarga sotishda gumonlanib qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Jizzax viloyati prokuraturasi bo‘lim prokurori jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etganini iddao qilib, “xizmati” uchun tadbirkordan 1300 dollar so‘raganlikda gumonlanmoqda, u pullarni olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, DXX Andijon viloyatida ham pora olganlikda gumonlanayotgan mansabdorlarni qo‘lga oldi.
DXX 30 ming dollar evaziga fuqaroni AQShga noqonuniy yuborishga kelishib, shundan 5000 dollarni olishda gumon qilingan shaxsni ushladi. Boshqa holatda ham bir nechta fuqaro ayni shu summani olganlikda ayblanib qo‘lga olindi.
Samarqandda soliq boshqarmasi soliq nazorati bo‘limi bosh inspektori fuqaroning qarzdorligini kamaytirib berish evaziga undan 15 ming dollar olgani aytilmoqda. Namanganda esa advokat sud ishini ijobiy hal qilib berish uchun fuqarodan 7 ming dollar olgani gumon qilinmoqda.
Samarqand shahrida AQSh va Kanadaga fuqarolarni noqonuniy ravishda jo‘natmoqchi bo‘lib, ulardan pul olgan shaxslar qo‘lga olindi.
DXX poytaxtda 40 kilogrammga yaqin giyohvand moddani O‘zbekiston orqali boshqa davlatga olib o‘tmoqchi bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik va bir nafardan Tojikiston va Qozog‘iston fuqarolarini ushladi. Tergov harakatlari ketmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting