Rossiya va Turkiyadan keltirilgan qalbaki AQSh dollarlar muomalaga kiritishga urinish holatlari aniqlandi, deya xabar qildi DXX.

Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi shaxs 50 AQSh dollari kupyuralaridan iborat bo‘lgan qalbaki 19 250 AQSh dollariни haqiqiy 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarodan kelgusida o‘tkazish maqsadida sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 2 nafar shaxs qalbaki 500 ming AQSh dollarini xaridor bilan haqiqiy 325 ming AQSh dollariga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan 100 AQSh dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 7600 AQSh dollarini haqiqiy 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida Lacetti avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 AQSh dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 8900 AQSh dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutalarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan bo‘lgan.

Hozirda ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.