Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qo‘shni davlatlardan olib kelingan giyohvandlik vositalari musodara qilindi, deya xabar qildi DXX.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida, Toshloq tumanida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.

Oqibatda ushbu manzilda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 27 kg 573 gr “gashish” va 3 kg 967 gr “opiy” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Shuningdek, Andijon viloyatiнинг Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida istiqomat qiluvchi, 1984-yilda tug‘ilgan shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, 1 kg 806 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini xaridorga 80 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi fuqaroning uyidan ham 2 kg 698 gr “Mefedron” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Ta’kidlanishicha, ushbu sintetik narkotik moddalar ham Qirg‘izistondan olib kelingan.

Boshqa holatda esa Andijon tumanida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashina to‘xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turkumiga kiruvchi 2800 dona “Regapen” va 957 dona flakonda “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ham sotish maqsadida aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistondan olib kelingan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.