Davlat xavfsizlik xizmati 4 ta hududda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda o‘z vakolatidan foydalanib, jinoyat sodir etishda gumonalanyotgan sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor va bosh muhandis o‘rinbosarini ushlaganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmasi xizmatni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi bosh inspektori Boyovut tumanida yashovchi fuqaroni boshqarmaga ishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollar talab qilgan. Avvalroq 1500 dollar olgan bosh inspektor qolgan 1500 dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Qashqadaryoda esa “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasining bosh muhandisi o‘rinbosari paxta-to‘qimachilik klasteriga tegishli bo‘lgan 21 ta suv-nasos qudug‘ini elektr tarmoqlariga ulash uchun “texnik shart” berish evaziga 7000 dollar talab qilgani aniqlangan. U yanvar oyida 3000 dollar olgani va qolgan 4 mingini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi aytiladi xabarda. Mansabdor muqaddam Jinoyat kodeksining 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan sudlangan.

дхх

Jizzax viloyatida “Toza hudud” DUK bosh hisobchisi ulgurji savdogarga nisbatan sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish, ya’ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berishni va’da qilgani aytilmoqda. Buning evaziga u 15 ming dollar talab qilib, oldindan 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. U muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan.

дхх

Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa Hakamlik sudlari assotsiatsiyasining viloyatdagi vakolatxonasi huzuridagi hakamlik sudi sudyasi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro murojaatini ijobiy hal etib berishiga ishontirgani va buning evaziga 1000 dollar talab qilgani xabar qilindi. U so‘ralgan pullar hisobidan 500 dollar va 6 mln 250 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro undan Nurota tumanida yashovchi fuqaroning muqaddam buxorolik xaridorlarga sotgan 250 bosh qo‘yining pullari berilmayotgani yuzasidan murojaat qilgan.

дхх

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.