Davlat xavfsizlik xizmati Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib, jiddiy jarohatlangan o‘zbekistonlik yigit qo‘lga olingani va O‘zbekistonga olib kelinganini ma’lum qildi.

DXXning qayd etishicha, 2000-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan yigit internetda “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning audio, videoma’ruzalarini tinglab, tomosha jarayonida Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zosi bilan tanishgan.

Keyinroq virtual tanishining huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining e’tiboriga tushmaslik bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari asosida 2023-yilning iyun oyida aviachiptani aynan uchib ketish kuni qimmat narxda bo‘lishiga qaramay, sotib olib, Istanbulga jo‘nab ketgan, deyiladi xabarda.

“Suriyaga kelishingni hech kimga aytma dedi. Birinchi Turkiyaning Istanbul shahriga bilet olasan, chipta olish mobaynida uni oldindan buyurtma qilma dedi. Uni samolyot uchish vaqtiga olsang, hech kim sening o‘sha yerga ketayotganingni bilmaydi, deya o‘rgatdi. Chipta olgani bordim. Uchayotgan samolyot vaqti tig‘iz bo‘lgani uchun chiptani 2 yoki 3 baravar qimmat narxda oldim, shu samolyotda uchib ketdim. Muhammad ismli arab bola kutib oldi. Keyin u meni Idlibga olib bordi. 23-iyun kuni devorni kesib o‘tish orqali Suriya hududiga o‘tdik”, — deya izoh berdi u.

Men bu yerdan ketayotgan vaqtimda menga tashlangan videolar orqali Suriyada islomiy hayot yaxshi qurilyapti, u yerni islomga amal qilinadigan davlat, deya o‘y-xayol qilganman. Idlibgacha borganimdan keyin, yon-atrofda bomba portlatilganini ko‘rganimdan keyin unaqa fikr ketdi. Umuman teskari bo‘lgan fikr miyamga o‘rnashib qoldi, deya qo‘shimcha qildi yigit.

Ta’kidlanishicha, Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan jizzaxlik yigit “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zolari safida g‘oyaviy hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Ammo Suriya hukumati kuchlari tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar tufayli jiddiy jarohat olgan. Sog‘lig‘i tiklanganidan keyin terroristik tashkilotning xo‘jalik ishlariga jalb etilgan.

“35−40 kun og‘ir ahvolda shifoxonada yotdim. Sharoitlari: ovqat berilmaydi, chamasi 15−20 kun atrofida hech nima yemadim. Dorilar ham o‘z vaqtida qilinmadi. Yotgan joyimda bo‘lsa ham bizga kelib, dars o‘tishni boshlashdi. Hijrat va jihod qanday qilinishini tushuntirdi. Kofirlarga qarshi kurashishimiz kerak, degan narsalarni aytishdi. Suriya davlati bizga zulm qilyapti, ularga qarshi turishimiz kerak, degan fikrlarni bizga dars qilib o‘tib berishdi”, — dedi u.

Keyinchalik bu ishlar noto‘g‘riligini bildim. Chunki men bu yerga jihod qilaman deb borgan joyimda bunaqa narsa yo‘q ekanini anglab yetdim. Umrim bekor o‘tib ketdi. Insonlar tinch joyda yashayotganini his qilishi kerak, deya ta’kidladi 24 yoshli yigit.

U 2023-yilning dekabr oyida davolanish uchun Suriyadan qo‘shni davlatga o‘tgan vaqtida qo‘lga olingach, O‘zbekistonga olib kelingan. Yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 155 prim 2-moddasi (Terrorchilik faoliyati uchun o‘quvdan chiqish) hamda 244 prim 2- moddasi (Diniy ekstremistik tashkilotlar tuzish, ularda qatnashish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.