Toshkentda tadbirkordan 200 ming AQSh dollari olayotgan Oqdaryo tumani sobiq hokimi, sobiq IIO xodimi va yana bir fuqaro qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zA.

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs va ichki ishlar organlarining sobiq xodimi hamda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro o‘zaro til biriktirib, aldov yo‘li bilan tadbirkorning ishonchiga kirishgan.

Xususan, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani “Surum” MFY hududidan tikuvchilik fabrikasi tashkil etish uchun boshqa bir fuqaroga tegishli mas’uliyati cheklangan jamiyatga berilgan 11,1 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 6 mln AQSh dollari talab qilishgan.

DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur 3 nafar shaxs Toshkent shahridagi kafelardan birida so‘ralgan pul mablag‘idan 200 ming AQSh dollariни oldindan olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Toshkent viloyatining Ohangaron tumani “Ilg‘or” MFY hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 10 gektar yer maydonini “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 67-bandining ijrosi doirasida 10 yil muddatga ijaraga olib berish evaziga tadbirkordan 80 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur pul mablag‘idan 15 ming AQSh dollarini Ohangaron tumani “Ilg‘or” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisiga berishi kerakligi aniqlanib, ushbu mansabdor shaxs ham so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga tumandagi fermer xo‘jaliklardan biriga tegishli yer maydonidan 15 sotix qismini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytgan va yer maydoniga nisbatan rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarni ko‘rsatib, kelgusida mazkur yer maydoniga noturar joy sifatida hujjatlar tayyorlab, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 65 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlar tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 60 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MCHJga qarashli 2,2 gektar yer maydonini xaridorga 490 mln. so‘mga sotishga kelishib, ushbu yer maydonida kottej uylar qurish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, MCHJ rahbari talab qilingan 15 ming AQSh dollariни olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish ochildi.