DXX tomonidan Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlarida pora olishda gumonlangan shaxslar ushlandi.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Mirzaobod tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristi logistika xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbaridan 14 ming AQSh dollari va 12 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, u viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida MCHJning bekor qilingan guvohnomasini tiklash va soliq idoralari tomonidan 1 mlrd 950 mln so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini olishga qo‘yilgan taqiq masalasini ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bosh mutaxassisi Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta inspektori fuqarodan noqonuniy tarzda 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari tomonidan ushlandi.

Aniqlanishicha, u Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi 3-qismi (Uyushgan guruh tomonidan yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumni Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish muassasasidan Chirchiq shahrida joylashgan 14-sonli jazoni ijro etish muassasasiga ko‘chirilishida yordam berishini va’da qilgan.

DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg‘ona shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan sobiq harbiy xizmatchi o‘zining mansabdor tanishlari yordamida mahalliy fuqaroni ichki ishlar organlari tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.