Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari o‘tkazgan maxsus tadbirda Toshkent shahrida yashirin faoliyat olib borgan narkolaboratoriya aniqlandi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Oliy ma’lumotli bo‘lgan 36 va 38 yoshli ikki shaxs logistika faoliyati bilan shug‘ullanish nomi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishgan.

Ko‘zdan kechirish jarayonida xonadonda jami 56 ta o‘ramda 26 kiloga yaqin mefedron giyohvandlik vositasi, sintetik narkotik tayyorlashda foydalaniladigan 400 kilodan ortiq suyuqlik va kukun ko‘rinishidagi kimyoviy moddalar hamda xom-ashyolar, zarur asbob-uskunalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan asbob-uskunalar, xom-ashyo va prekursorlar xorijdan keltirilgani va tayyorlangan narkotik moddalarning savdosi internet orqali amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.

Narkotik moddalar taxminan 80 ming dozani tashkil qilishi va qora bozordagi qiymati 900 ming dollarga tengligi aniqlangan. Narkolaboratoriyada saqlanayotgan 400 kilodan ortiq kimyoviy moddalar va xom-ashyolar yordamida 50 kiloga yaqin mefedron sintetik giyohvandlik vositasi ishlab chiqarish mumkinligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-modda (Kontrabanda) va 273-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.