Davlat xavfsizlik xizmati hududlarda fuqarolarni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlariga chek qo‘ydi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Xususan, Samarqand shahrida yashovchi 44 yoshli shaxs fuqaroga uni Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilgan va 25 ming dollar talab qilgan. U hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga oldindan 15 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Pastdarg‘om tumanida yashovchi 32 yoshli shaxs Kattaqo‘rg‘on tumanidagi tanishi bilan kelishgan holda bir fuqaroga uni Turkiya-Armaniston-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborishini aytgan. Evaziga 23 ming dollari talab qilgan. Biroq ular oldindan 12 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Andijon tumanida yashovchi 24 yoshli shaxs Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerikaga yuborishni va’da qilib, evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yildan 2023-yilgacha AQSh hukumati tomonidan “alohida qiziqish uyg‘otuvchi shaxslar” sifatida tasniflangan o‘n minglab muhojirlar Meksika orqali AQShga noqonuniy kirishga harakat qilishgan. Qo‘lga olinganlarning 13 mingdan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.