Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan firibgarlikka urinish holatlari aniqlandi, deb xabar qildi idora matbuot xizmati.

Xususan, Toshkent va Jizzax shahrida yashovchi 55 yosh atrofidagi 2 shaxs qurilish firmasi rahbariga o‘zlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidagi 72,5 mlrd so‘mlik ichimlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasini tender savdolarisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berishini aytgan. Evaziga obyekt qiymatining 6 foizini, ya’ni 4 mlrd 350 mln so‘m talab qilgan.

Biroq ular Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda so‘ralgan puldan 29 ming dollarini olgan vaqtlarida ushlangan.

Mazkur noqonuniy ishga Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida joylashgan IIV huzuridagi 44-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning aloqadorligi aniqlangan. Yuqoridagi pul mablag‘idan 28 500 dollarini olgan vaqtida u ham qo‘lga olingan.

Boshqa holatlar

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi bog‘dorchilik va polizchilikka ixtisoslashgan uyushma raisi hamda Davlat kadastrlar palatasi Uchko‘prik tuman filialining sobiq mutaxassisi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs uyushma balansidagi 10 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berishini aytgan. Evaziga 12 600 dollar talab qilishgan.

Tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Qarshi davlat universitetining yuriskonsulti Koson tumanida yashovchi 32 yoshli fuqaroning Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qiyotgani to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, o‘qishini Qarshi davlat universitetining tibbiyot fakultetiga ko‘chirib berish evaziga 10 ming dollar talab qilgan.

Lekin u so‘ralgan pul mablag‘idan 8 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.