Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimining faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Chortoq tuman tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘limi feldsheri 1000 dona qalbaki “Zodak” dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yo‘riqnoma va yorliqlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta’kidlanishicha, mazkur shaxs tayyorlangan dori vositalarini saqlash uchun qarindoshining yashash xonadonidan ombor sifatida foydalangan va tezkor tadbir davomida ushbu manzildan ham sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 120 dona “Zodak”, 260 dona “Anaferon”, 96 dona “Xilak Forte” hamda 313 dona nomsiz flakonlarda sirop holdagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Chortoq tuman tez yordam bo‘limi feldsheri 2023-yilning sentabr oyidan buyon ushbu noqonuniy ish bilan shug‘ullanib kelganligi va uni hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan Andijon viloyatida yashovchi fuqarolar Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan dori vositalari xom-ashyolari bilan ta’minlab turganliklari ma’lum bo‘ldi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi 2-qismi “b” va “ye” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktiribdori vositalari yoki tibbiy buyumlarning sifati va davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan sodir etilgan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.