Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida farzandlarini sotayotgan ayollar qo‘lga olindi.

Xususan, Sirdaryo viloyati Guliston shahrida vaqtincha yashovchi buxorolik ayol 15 kunlik o‘g‘lini 40 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida yashovchi ayol 20 kunlik qizini o‘zining tanishi bilan til biriktirib, Termiz shahrida 25 mln so‘mga sotgan vaqtlarida qo‘lga tushgan.

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi ayol o‘zining 6 yoshli o‘g‘lini Toshkent shahrida 3 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Namangan shahrida yashovchi ayol o‘zining 10 yoshli o‘g‘il farzandini 18 ming dollarga sotishga kelishib, talab qilingan puldan 4 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.