Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarni Amerika Qo‘shma Shtatlarga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqladi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi Samarqand shahrida yashovchi fuqaroga AQSh elchixonasidagi tanishlari orqali viza rasmiylashtirib, Qo‘shma Shtatlarga yuborishini aytgan. Evaziga 14 ming dollar talab qilgan. U tezkor tadbirda oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, hozirda AQShda yashovchi, muqaddam sudlangan 24 yoshli shaxs Samarqanddagi qarindoshi bilan boshqa bir fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborishini aytgan. Evaziga undan 16 ming dollar talab qilishgan.

Biroq uning qarindoshi puldan 10 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan. AQShda yashayotgan shaxs muqaddam 4 nafar fuqaroni Amerikaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan 41 600 dollar olgani va ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.

Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatida yashovchi 24 yoshli shaxs Forish tumanida yashovchi fuqaroni Turkiya-Yevropa-Nikaragua-Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborishini bildirgan. Evaziga talab qilingan 17 ming dollardan 10 mingini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, hozirda AQShning Ohayo shtatida yashovchi 32 yoshli fuqaro va Yangiyer shahrida yashovchi shaxs xovoslik fuqaroni Meksika orqali Amerikaga yuborish, shuningdek, buning uchun zarur bo‘ladigan viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga undan 8200 dollar talab qilishgan.

Biroq yangiyerlik shaxs 8100 dollari va 1 mln 240 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, deyiladi xabarda.