Toshkent viloyatida bosh mutaxassis, Buxoroda esa arxitektor hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, fuqarolardan pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi mahalliy tadbirkor tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida qurilgan 3 qavatli savdo majmuasi binosini foydalanishga qabul qilib berish, shuningdek, binoning texnik xulosasi, kadastr va boshqa hujjatlarini tegishli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa “O‘zbekiston shaharsozlik bo‘yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” arxitektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib hamda Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasidagi tanishlari orqali, Buxoro shahrida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli 8 sotix yer maydonida bino-inshootlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, shaharning bosh rejasiga qo‘shish hamda arxitektura-loyihalashdan o‘tkazishda yordam berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 211 (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.