O‘zbekistonda 1 martdan Ai-80 benzini narxi oshadi

O‘zbekistonda 1 martdan import qilinadigan va mahalliy Ai-80 rusumli benzinga aksiz solig‘ining «nol» stavkasi qo‘llanishi muddati tugaydi. Shu kundan boshlab ushbu yoqilg‘i narxining oshishi kutilmoqda.

Muhtoj shaxslar zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bilan bepul taminlanadi

2023 yildan muhtoj shaxslarga zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bepul beriladi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi, mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kiradi.

Sergelida fuqaro tez yordam mashinasi haydovchisini do‘pposladi

Dushanba kuni erta tongda Sergeli tumanida tez yordam mashinasi haydovchisi kaltaklandi. Aniqlanishicha, bemorning yaqini feldsherga yaxshi qaramagani uchun kuch ishlatmoqchi bo‘lgan, haydovchi esa uni himoya qilmoqchi bo‘lgan. Hozirda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkentdagi qator avtobus yo‘nalishlarining oraliq harakati o‘zgartiriladi

28 fevraldan Toshkentdagi qator avtobus yo‘nalishlarining oraliq harakati o‘zgartiriladi. Ularning asosiy qismi yangi tashkil etilgan chorrahalar orqali o‘tadigan bo‘ldi.

Soliq ilovasida keshbek olish uchun endi Face ID talab qilinadi

Endi «Soliq» mobil ilovasida keshbek olish uchun Face ID bo‘yicha identifikatsiyadan o‘tish talab qilinadi. Ilgari faqat 500 000 so‘mdan ortiq mablag‘ni olish uchun fotosurat yordamida shaxsni tasdiqlash talab qilinardi.

To‘ra Bobolov yangi lavozimda ish boshlagani ma’lum bo‘ldi

2022 yil dekabrda Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan To‘ra Bobolov Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagan. U O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida birinchi o‘rinbosar va kengash hamraisi bo‘lib ishtirok etdi.

Toshkentda iqtisodchi Jeyms Robinson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi

17 mart kuni Toshkentdagi Intercontinental Hotel Tashkent mehmonxonasida britaniyalik olim, Chikago universiteti professori Jeyms Robinson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Tadbirda uning hammuallifligidagi «Mamlakatlar tanazzuli sabablari» (Why Nations Fail) kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.

12 mart kuni beshinchi Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi

12 mart kuni «V International Tashkent Marathon» va O‘zbekistonning 14 ta shahrida bir vaqtda Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi. Professional va havaskor sportchilar 5 martgacha 42 km, 21 km, 10 km, 3 km masofa uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bu yil ilk bor «Kids Run» poygasi ham bo‘lib o‘tadi.

O‘zPFL va O‘FA o‘rtasida kelishuv imzolash vaqti keldi — Diyor Imomxo‘jayev

Davlat budjetidan «bir tiyin ham olmaydi»gan O‘zbekiston Professional futbol ligasi daromadi va xarajati haqida ketma-ket ikkinchi yil jamoatchilikka hisobot berdi. O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev uning tashkiloti 2023 yilda bolalar, ayollar va futzal musobaqalarini ortiq o‘tkazmasligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Ozarbayjon bilan 500 mln dollarlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etadi

O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumida o‘zaro savdo va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 11 ta hujjat imzolandi. Tomonlar loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish uchun $500 mlnlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga kelishib oldi.

Qozog‘iston martda «Buxoro-Ural» gaz quvurining uchinchi tarmog‘i qurilishini boshlamoqchi

Qozog‘iston 2023 yilda O‘zbekistondan Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tuvchi «Buxoro-Ural» gaz quvurining uchinchi tarmog‘i qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 95,6 mln dollarga baholangan.

Jizzaxda ota qizining sinfdoshlarini kaltakladi

Jizzax shahridagi 11-maktabda ota qizining 3 nafar sinfdoshini kaltakladi. Voqeaga bolalarning qizga gap otgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sardor Umurzakov Qatar amiriga prezident maktubini yetkazdi

O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga Shavkat Mirziyoyevning maktubini yetkazdi. Unda ikki tomonlama munosabatlar haqida so‘z borgan.

«O‘zavtoyo‘lbelgi» korxonasi mansabdorlari 2,7 mlrd so‘mni talon-toroj qilgani aytilmoqda

«O‘zavtoyo‘lbelgi» DUK mansabdorlari 2 mlrd 701 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Ular o‘zlariga tanish firmalar bilan 9 mlrd so‘mlik shartnoma tuzib, yo‘l belgilarini yasash va chizishda foydalaniladigan mahsulotlarni qimmat narxlarda xarid qilgan.

Transport vazirligi Yevropaga avtotransportda yuk tashuvchilarga murojaat qildi

O‘zbekiston Transport vazirligi Polsha Belarus bilan chegaradagi nazorat punktini vaqtincha yopgani uchun milliy tashuvchilardan Yevropaga yuk tashuvlari jarayonida ushbu holatni inobatga olishlarini so‘radi. Hozirda Litva orqali to‘siqlarsiz harakatlanishni ta’minlash yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Hafta davomida harorat asta-sekin ko‘tariladi

O‘zbekistonda hafta davomida havo asta-sekin isib, harorat kunduzi +22 darajagacha yetadi. 27−28 fevral kunlari tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor. 3 martda esa Kavkaz hududlaridan biroz nam havo kirib kelishi hisobiga ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

«So‘z erkinligining chegarasini Adliya vazirligi belgilamaydi». Tarmoq faollari vazirlik eslatmasini qoraladi

Adliya vazirligi OAV va blogerlarni «jamiyatdagi muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish»ga chaqirib, OAVdagi tuhmat va haqorat uchun jazolarni eslatdi. Faollar esa bu kabi eslatmalardan «so‘z erkinligi yutqazayotgani», «erkin matbuot hali adliyaning o‘ziga ham kerak bo‘lishi»ni ta’kidladi.

Esizgina ko‘chatlar

«„Chilonzor-22 kvartal shu yermi? O‘tgan yili ham xuddi shu yerda ko‘chat ekayotganmidilaring? O‘sha ko‘chatlar qani?“ […] JEK olti yilda 69 mingdan ko‘proq daraxt ekkan. 80 foizi ko‘kardi, deb rayonga ma’lumot ham bergan, lekin yarmi ham qolgan emas. Shuncha daraxt ko‘karsa, hammayoq ko‘kalamzor bo‘lib ketmasmidi».

Foto: Qoraqalpog‘istonliklar «Juo‘yeri gurtik» kunini nishonladi

Qoraqalpog‘istonliklar ilk bor milliy taom — juo‘yeri gurtik bayramini o‘tkazdi. Tashabbus jamoatchilik tomonidan ilgari surildi. Taomning eng katta porsiyasi Nukusdagi prezident maktabida tayyorlandi. Bayramni boshqa mamlakatlarda yashovchi qoraqalpog‘istonliklar ham nishonladi.