Epitsentri Tojikistonda bo‘lgan zilzila deyarli butun O‘zbekiston bo‘ylab sezildi

Payshanba kuni ertalab soat 5:40 atrofida O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida 3−4 balli zilzila sezildi. Uning epitsentri Tojikistonda. Toshkent aholisining so‘zlariga ko‘ra, zilzila sabab silkinishlar uzoq davom etgan.

Tojikistondagi zilzila kuchi O‘zbekistonda yana sezildi

Farg‘ona va Andijon viloyatlarida Tojikistonda bo‘lgan zilzila kuchi sezildi (2 ball). Payshanba tongida ham O‘zbekistonning 10 dan ortiq hududida yer silkinishlari qayd etilgandi.

Farg‘ona hayvonot bog‘idagi jirafa nobud bo‘ldi

Farg‘ona hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan keltirilgan Maksim laqabli jirafa nobud bo‘ldi. U anomal sovuq kunlarda shamollab qolgan. Bunday sovuq sababli boshqa mayda jonzotlar, xususan, qushlar ham nobud bo‘lgan.

O‘zbekiston Turkiya bilan imtiyozli savdo sohasida hamkorlik qiladi

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning 2022 yil bahoridagi tashrifida 2 davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangandi. Shavkat Mirziyoyev shartnomani tasdiqlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Endilikda imtiyozli savdo sohasida hamkorlik qilinadi.

O‘zbekistonda havo yana soviydi

25−26 fevral kunlari O‘zbekistonga sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Harorat kechasi 0…−5 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Yunusoboddagi ko‘chaga Usmon Nosir nomi berildi

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan Yunusobod tumani «Buyuk Turon» mahallasidagi (Oloy bozori orqasidagi) ko‘chalarning biriga Usmon Nosir nomi berildi.

O‘zbekiston yanvarda 633,1 mln dollarlik 13 ta samolyot sotib oldi

Yanvar oyida O‘zbekistonga Germaniya, Litva, Fransiya, Singapur va Buyuk Britaniyadan 13 ta samolyot olib kelindi. Ularning narxi 633,1 mln dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 1,3 mln nafari ishsiz qolmoqda — Behzod Musayev

Bandlik vaziri Behzod Musayevning ta’kidlashicha, mamlakatda mehnatga layoqatli aholining 1,3 mln nafari ishsiz. 2022 yilda qashshoqlik darajasi 17 foizdan 14,1 foizga tushgan, 2023 yilda bu ko‘rsatkichni 12 foizgacha kamaytirish kutilmoqda. Iqtisodchi hamda bloger esa vazirning bayonotiga ishonchsizlik bildirdi.

Banklarda dollar kursi bir necha kunlik tushishdan so‘ng ko‘tarildi

Tijorat banklari 23 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 260 — 11 315 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 375 so‘m.

Salom Samadov bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga qaytdi

Qashqadaryo prokurori Salom Samadov bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U ushbu lavozimda 2017−2018 yillarda ham ishlagan.

Namangan viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi

Shuxrat Aliyev Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bungacha Buxoro viloyati IIB boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Subway fastfud tarmog‘i Toshkentda birinchi restoranini ochadi

Amerikaning Subway fastfud tarmog‘i Toshkentda o‘zining birinchi restoranini ochadi. U yangi qurilayotgan Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markazida joylashadi.

Toshkentda toksikologiya markazi tashkil etilishi mumkin

SSV va JSST hamkorligida o‘tkazilgan seminarda Toshkentda toksikologiya markazi tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Qo‘llanayotgan kimyoviy moddalar hajmining ortishi, ularning internetdagi savdosi va bular haqda yetarli bilimga ega emaslik tizim uchun qo‘shimcha xavf ekani ta’kidlandi.

Toshkent viloyatida 3 ayol bola o‘g‘irlayotgani rad etildi

Ohangaron shahrida 3 nafar ayol bola o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani rad etildi. Toshkent viloyati IIBB ayollar dori sotib yurgani va mahalliy aholi ulardan shubha qilganini bildirdi.

Toshkentda erkak egizak farzand kutayotgan homilador ayolini o‘ldirdi

Chilonzor tumanida 33 yoshli erkak o‘zaro janjal sabab ayolini bo‘g‘ib o‘ldirdi. Natijada ayol qornidagi egizak bolalar ham vafot etdi. Sud ayblanuvchiga 18 yil qamoq jazosini tayinladi.

O‘zbekistonda 117 ta Volkswagen Caddy «Tez yordam» mashinasi hududlarga tarqatildi

Jizzakh Auto tomonidan 117 ta Volkswagen Caddy «Tez yordam» avtomashinasi hududlarga taqdim etildi. Hozirda ularning umumiy soni 337 taga yetdi. Respublika bo‘yicha yana 640 ta mashina xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Orenburgda ag‘darilgan avtobusda o‘zbekistonliklar bo‘lmagan — Transport vazirligi

Transport vazirligi 22 fevral kuni Rossiyaning Orenburg viloyatida ag‘darilib ketgan avtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Toshkentda ko‘p qavatli uy yerto‘lasida tayanch devorlar o‘zgartirilgani aniqlandi

Shayxontohur tumani Labzak dahasida fuqaro ko‘p qavatli uy yerto‘lasining tayanch devorlari va kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvini o‘zgartirgani ma’lum bo‘ldi. Unga bayonnoma tuzilib, 15 kun muddatda binoni o‘z holiga keltirish topshirildi.

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi 19,7 foizga o‘sdi — ITIM

Yanvar oyida o‘zbekistonliklar orasida ko‘chmas mulk sotib olishga talab dekabrga nisbatan 19,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda uy-joy narxi bir yilda 20,2 foizga ko‘tarildi.

Hududlarda Raqamli tashqi reklama portali ishga tushiriladi

Prezident raqamlashtirishni jadallashtirish uchun hududlarda Raqamli tashqi reklama portali ishga tushishini ma’lum qildi. Tashqi reklamadan tushgan pulning 20 foizi viloyatlarning o‘zida sohani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

O‘zbekiston olimlari o‘tmishda bir qancha zilzilalarni aniq bashorat qilishgan. Nega hammasini bashorat qilib bo‘lmaydi?

Turkiyadagi zilzilalardan so‘ng O‘zbekiston aholisini mamlakatda ham xuddi shunday zilzilalar bo‘lish ehtimoli qiziqtirmoqda. Seysmologiya instituti olimlari o‘tmishda bir necha zilzilalarni bashorat qilishgan. Nima uchun barcha zilzilalarni bashorat qilib bo‘lmaydi? «Gazeta.uz» olimlar bilan shu haqda suhbatlashdi.

«His-tuyg‘ular orqali ko‘rish». Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga kim va qanday ta’lim beradi?

Toshkentdagi 77-sonli maxsus maktabda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tahsil oladi. O‘qituvchilar, shu jumladan, xuddi shunday zaif ko‘ruvchi muallimlar, o‘quvchilarga dunyoni his qilish orqali «ko‘rish»ni o‘rgatadi. Bunda ularga korreksion fanlar yordam beradi. «Gazeta.uz» bolalarni his-tuyg‘ulariga ishonib yashashga o‘rgatishni o‘zining vazifasi qilib olgan insonlar haqida hikoya qiladi.

Ukraina elchisi: «O‘zbekistonning qo‘llovi biz uchun juda muhim»

Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Nikolay Doroshenko Rossiya bosqiniga bir yil to‘lishi arafasida «Gazete.uz»ga intervyu berdi. Elchi Ukrainadagi hozirgi vaziyat, O‘zbekiston bilan munosabatlar holati, Ukraina tomoni hamkorlik istiqbollarini qanday ko‘rayotgani va O‘zbekiston tomonining yordami haqida gapirdi.