Fransiyaning Alstom kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llarini quradi

Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llarini quradi. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholanmoqda. Liniyalardan biri «Do‘stlik» metro stansiyasidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tishi mumkin.

Foto: Toshkentda 34,2 ming quti kontrabanda tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi

Yangihayot tumanidagi zavodlarning birida 297,4 mln so‘mlik 34,2 ming quti kontrabanda tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi. Bojxona qo‘mitasi noqonuniy olib kirish holatlari ko‘proq vodiy viloyatlarida uchrashini ma’lum qildi. Yil boshidan beri 19,2 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari olib qo‘yildi.

«Do‘stlik» bog‘i yaqinida qurilish kompaniyasi yana 6 tup daraxtni nobud qildi

Toshkentdagi «Do‘stlik» bog‘i yaqinida Vinera Tower kompaniyasi qurilish uchun hududdagi 6 tup daraxtni ruxsatnomasiz boshqa joyga ko‘chirib, ularni nobud qilgani ma’lum bo‘ldi. Bunda tabiatga 218,3 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Kompaniya oldin ham daraxt kesgani uchun 430,5 mln so‘m jarima to‘lagan.

Ikkita holatda 4,4 mlrd so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Oqqo‘rg‘onda tadbirkor kreditga olingan 100 ta qoramolni sotib, 2,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Toshkent shahrida esa korxona rahbari bank krediti evaziga olingan metall mahsulotlarni 2,1 mlrd so‘mga sotib, hujjatlarni soxtalashtirgani ma’lum bo‘ldi. Gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«TTZ»dan «Mashinasozlar» metrosigacha ekspress avtobus yo‘nalishi tashkil etildi

23 noyabr, chorshanba kunidan boshlab «TTZ» — «Mashinasozlar» metrosi yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobuslar ish boshladi. Avtobuslar faqat 4 ta bekatda — «TTZ» bozori, «Buyuk Ipak yo‘li» metrosi, Shifokorlar malakasini oshirish instituti, «Ashxobod» bog‘i bekatlarida to‘xtaydi. Yo‘l haqi 2500 so‘mni tashkil etadi.

Pskovdagi o‘zbek talabalari «notinch vaziyat» tufayli prezidentga murojaat yo‘llashdi

Rossiyaning Pskov davlat universitetida o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalar «notinch vaziyat» sabab o‘qishlarini O‘zbekistondagi OTMlarga istisno tariqasida ko‘chirishni so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llashdi. «Pskov shahriga ham urush o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda», deya ta’kidlagan ular.

Toshkentda 19 yoshli haydovchi piyoda o‘limiga sababchi bo‘ldi

Yakkasaroy tumanida 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Nexia-3 34 yoshli piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchi kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etdi.

Namanganda ikki ayol va bir bola is gazidan vafot etdi

Namangan viloyati Pop tumanida ona va uning voyaga yetmagan farzandi hamda mehmonga kelgan qaynona is gazidan zaharlanib vafot etdi. Noyabr oyining o‘zida is gazidan 9 kishi halok bo‘ldi.

AQSh O‘zbekistonga 131 tonna oziq-ovqat yordami yetkazdi

O‘zbekistonga AQShdan 131 tonna oziq-ovqat yordamining yillik partiyasi yetkazildi. Kundalik kaloriya va oqsil miqdorini oshirishga mo‘ljallangan sabzavot va dukkakli o‘simliklardan iborat ozuqaviy aralashma silga chalingan bemorlarni davolash muassasalari hamda «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga tarqatiladi.

O‘zbekiston 800 mln yevroga 17 ta Airbus va ATR samolyotlarini sotib oladi

Fransiya O‘zbekistonga umumiy qiymati salkam 800 mln yevroga teng 12 ta Airbus A320neo va A321neo samolyotlari, shuningdek, 5 ta ATR 72−600 samolyotlarini yetkazib beradi. Bundan tashqari, ikkita Airbus H145 vertolyotini xarid qilish rejalashtirilgan.

Markaziy bank 2025 yilgacha iqtisodiy rivojlanishning ikki ssenariysini taqdim etdi

Markaziy bank 2023−2025 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy va muqobil ssenariylarini taqdim etdi. Regulyator asosiy e’tibor iqtisodiyotda narxlar barqarorligiga erishishga qaratilishini ta’kidlab, pul-kredit siyosatida inflyatsion targetlash jarayoni davom etishini qayd etdi.

Ikki qizni Indoneziyaga fohishalikka yubormoqchi bo‘lgan ikki fuqaro 5 yilga qamaldi

Ikki qizni Indoneziyaga fohishalik qilish uchun yuborishni rejalashtirgan ikki fuqaro 5 yilu 1 oydan qamoq jazosiga hukm qilindi.

Andijonda oyoqlari kombaynga kirib ketgan 35 yoshli erkak vafot etdi

Andijon viloyati Jalaquduq tumanida oyoqlari kombaynning yanchuvchi qismiga kirib ketgan 35 yoshli erkak shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $40 mlrddan oshdi

Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 40,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Jumladan, eksport hajmi qariyb $15,5 mlrdga (+23,8%), import esa $24,6 mlrdga (+21,2% ga) yetdi. Hisobot davrida — $9,1 mlrd qiymatida passiv saldo qayd etildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

«Shaharga faqat quruvchining ko‘zi bilan qaramaslik kerak». Toshkent transport bosh rejasi haqida suhbat

Toshkentni transport kollapsidan qanday qutqarish mumkin? Transport tizimi boshqarilishi kerak, deydi SIMETRA transport kompaniyasi eksperti Vladimir Valdin. U poytaxt transportini rivojlantirish yo‘nalishlari va transport muammolarini shahar darajasida idrok etish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.