Prezident bir qator chet el fuqarolarini mukofotladi

Shavkat Mirziyoyev 12 nafar chet el fuqarosini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Ular orasida Turkiya vitse-prezidenti, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari vazirlari, AQSh va Ozarbayjon elchilari va boshqalar bor.

O‘zbekistonda zaharli va yirtqich yovvoyi hayvonlarni guvohnomasiz saqlash taqiqlanishi mumkin

Qonunchilik palatasida «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hujjat loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni hujjatsiz saqlashni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqdilar.

Futboldagi Ukraina bayrog‘i montajchi xatosi bilan xiralashtirilgan — Yoshlar telekanali

«Yangi davr» ko‘rsatuvining sport xabarlari blokida ekrandagi Real Madrid jamoasi nomi yonidagi Ukraina bayrog‘i xiralashtirib ko‘rsatildi. Buni montajchi xato qo‘yilgan deb o‘ylagan va o‘zboshimchalik bilan berkitgan. Kanal aybdorlarga chora ko‘rganini aytdi.

Toshkentda $16 mingga yaqin qalbaki dollar musodara qilindi

Avgust boshida Toshkentda Spark avtomobili salonidan qariyb 16 ming qalbaki dollar topilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qalbaki pul yasash va ularni o‘tkazish bilan shug‘ullangan shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

«Jamoatchilik fikrini olish juda muhim». AQSh elchisi — Konstitutsiyaning 90-moddasiga o‘zgartishlar kiritilishi haqida

AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekiston hukumati va fuqarolari prezidentlik muddatlarini o‘zgartirishning «foyda va xatarlarini diqqat bilan ko‘rib chiqishlariga» umid bildirdi. Bu borada bahs-munozaralar borligi yaxshi, deya qayd etdi u.

Samarqand shahridagi maktablarda SHHT sammiti sababli darslar 19 sentabrdan boshlanadi

Samarqandda o‘tadigan SHHT sammiti va xorijiy mamlakat rahbarlarining rasmiy tashriflari sababli shahar maktablarida darslar 19 sentabrdan boshlanadi. O‘quvchilar qoldirilgan dars soatlarini o‘quv yili davomida ta’tillar hisobidan to‘ldirib boradi.

100 yoshdan oshgan 14 nafar fuqaro «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi

Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayrami arafasida 100 yoshdan oshgan 14 nafar fuqaroni «Shuhrat» medali bilan taqdirladi.

Samarqandda ilk bor kon texnogen chiqindilaridan volfram olindi

Samarqand viloyatida joylashgan «Ingichka» konining texnogen chiqindilaridan ilk marta volfram mahsuloti olinganligi ma’lum qilindi. Ushbu loyihaning yo‘lga qo‘yilishi 150 ta yangi ish o‘rnini yaratib, qayta ishlash evaziga yiliga 100 tonna volfram olishga imkon berdi.

Nukus voqealarida gumonlanib, hibsga olingan 24 nafar fuqaro jamoat kafilligi asosida qo‘yib yuborildi

Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda gumonlangan 24 nafar fuqaro jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarildi. Ularning qamoq jazosi jamoatchilik nazorati va uy qamog‘iga o‘zgartirildi.

Bayram munosabati bilan pensiya to‘lovlari plastik kartaga 1 sentabrgacha to‘lab beriladi

Pensiya jamg‘armasi mustaqillik bayrami munosabati bilan sentabr uchun pensiya va nafaqa to‘lovlari (naqdsiz shaklda) oyning birinchi sanasigacha plastik kartalarga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Naqd shaklda oluvchi fuqarolarga esa 5 sentabrdan boshlab nafaqa pullari yetkazib beriladi.

Xivaga boruvchi tezyurar poyezdga Jaloliddin Manguberdi nomi beriladi

Prezident taklifiga ko‘ra, Toshkentdan Xivaga qatnovchi tezyurar poyezdga Jaloliddin Manguberdi nomi beriladi. U 2024 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev bir guruh Ozarbayjon fuqarolarini mukofotladi

Prezident O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida birodarlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun bir guruh ozarbayjonliklarni taqdirladi. Ulardan biriga «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni, qolgan uch nafariga esa «Do‘stlik» ordeni berildi.

O‘zbekistonda 190 mingdan ortiq abituriyent talaba bo‘ldi — DTM

Davlat test markazi 2022−2023 o‘quv yili uchun 190 375 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilganini ma’lum qildi. Xususan, 39 962 nafari davlat granti, 150 413 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. OTMga qabul qilinganlarning 13 mingdan ko‘prog‘i imtiyozga ega nomzodlar hisoblanadi.

OIV va OITS bilan kasallanganlikda gumonlangan shaxslarni majburiy tekshiruvdan o‘tkazish taklif etilmoqda

IIV OIV/OITS bilan kasallanganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibini belgilashni taklif qilmoqda. «Xavfli guruh» qatoridagilar va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxslar ushbu toifaga kirishi mumkin.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

«Modomiki tibbiyot boshqa hech narsa qila olmas ekan, yashaylik». Taskin bolalar xospisi ilk bemorlarni qabul qildi

«Zangiota-2» ixtisoslashtirilgan shifoxonasi negizida birinchi Taskin bolalar xospisi ochildi. Muassasada bedavo kasallikka chalingan bemorlarga bepul palliativ yordam ko‘rsatiladi. «Gazeta.uz» xospisning qanday ishlashi va uning ochilish tarixini hikoya qiladi.