Senat alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilishi va iste’molini cheklashga oid qonunni rad etdi

Senat alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’molini cheklashga oid qonunni rad etdi. Senatorlar normalardagi ziddiyat va huquqni qo‘llash amaliyoti yetarlicha o‘rganilmaganini ta’kidladi. Qonun mahalliy pivo va vinolarni reklama qilishga ruxsat beruvchi qonunga muvofiqlashtirilishi kerakligi aytildi.

Buyuk Britaniya eksport vaziri Toshkentda muzokaralar o‘tkazdi

Buyuk Britaniya eksport vaziri Mayk Friyer Toshkentga tashrif buyurib, ITSV, Moliya vazirligi, OTMK va Uzbekistan Airports bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ularda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun investitsiya jalb qilish, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Prezident yil yakunigacha Yevropaga eksport qiluvchilar sonini 579 tadan 2 mingtaga yetkazishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev quritilgan meva eksporti uchun 27 xil tahlilning birortasi O‘zbekistonda yo‘qligini, tadbirkor esa ushbu muammodan mahsulotini Yevropaga olib borgach xabar topayotganini tanqid qildi. Mas’ullarga Yevropaga eksport qiluvchi tadbirkorlar sonini 579 tadan 2 mingtaga yetkazish vazifasi yuklatildi.

Qirg‘iziston va O‘zbekistonni bog‘lovchi uchinchi yerosti tunneli aniqlandi

Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari O‘sh hududidagi uylardan birida O‘zbekistonga olib o‘tuvchi 177 metrlik maxfiy yerosti tunneli borligini aniqlandi. Bu so‘nggi bir oy ichida topilgan uchinchi tunnel hisoblanadi. Uni ikki nafar shaxs valyuta va tovarlar olib o‘tish uchun qaziganligi aytilmoqda.

O‘zbekiston «Rosatom» bilan AES qurish xarajatlarini optimallashtirish masalasini muhokama qilmoqda — Sherzod Xodjayev

O‘zbekiston «Rosatom» bilan AES qurish xarajatlarini kamaytirish masalasini muhokama qilmoqda, dedi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev. «Agar stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining narxi boshqa manbalar bilan raqobatbardosh bo‘lmasa, loyihani davom ettirishdan ma’no yo‘q», — dedi u.

Qashqadaryoda sayyor kassa xodimlari 100,5 mln so‘mlik pensiya va nafaqani o‘zlashtirdi

Shahrisabz tumanida sayyor kassaning buxgalter-nazoratchisi va kassiri 150 nafar fuqaroning mart, aprel va may oylari uchun pensiya va nafaqa pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi. Ular tekshiruv vaqtida 100,5 mln so‘mlik zararni to‘liq qoplagan. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«O‘rikzor» bozorida issiq suv quvuri yorilib ketdi

Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» bozori hududida 800 mm diametrli magistral issiqlik tarmog‘i quvuri yorilib ketdi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bunga kuz-qish mavsumiga sinov-tayyorgarlik ishlari sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Andijonda jurnalistning ishiga aralashish bo‘yicha yangi holat sodir bo‘ldi

Andijonda ichki ishlar xodimi Human.uz jurnalistiga bozorda shakar uchun navbatda turganlarni tasvirga olishiga to‘sqinlik qildi. IIV navbatda turgan fuqarolar tomonidan tasvirga olishga e’tirozlar bildirilganini ta’kidladi, biroq nashr buni rad etib chiqdi. Jamoatchilik jurnalistni himoya qilmoqda.

Sevimli telekanali jurnalistlari IIO xodimlari tomonidan kaltaklanganini ma’lum qildi

Sevimli telekanali O‘zbekiston-Iroq o‘yinini videoga olayotgan tasvirchi bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganini xabar qildi. Xodimlar keyin uzr so‘rashgan va voqea haqida xabar bermaslikni talab qilishgan. Telekanal yangilikni o‘chirib tashladi.

IIV esa Sevimli telekanali tasvirchisi janjal vaqtida jarohat olganini ma’lum qildi.

AOKA davlat organlarini jurnalistlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan (Sevimli telekanali tasvirchisini kaltaklaganini aytgan) IIV va Milliy gvardiya xodimlariga nisbatan chora ko‘rilishiga umid bildirdi. Agentlik barcha davlat organlarini jurnalistlar mehnatini hurmat qilishga chaqirdi.

Qashqadaryoda 25 metrli quduqqa tushib ketgan 6 yoshli bola qutqarildi

Dushanba kuni FVV xodimlari Chiroqchi tumanida chuqurligi 25 metr bo‘lgan artizan qudug‘iga tushib ketgan 6 yoshli bolakay qutqarib olindi. Qutqarish ishlariga ekskavator, greyder va boshqa texnikalar jalb etildi. Hozirda bolaning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda.

Samarqandda o‘g‘il o‘z otasi va akasini bolta bilan o‘ldirib qo‘ydi

Urgutda fuqaro o‘zining otasi va akasi bilan janjallashib, ularni bolta va pichoq bilan urib, o‘ldirib qo‘ydi. Shundan so‘ng, u tuman IIBga borib, aybiga iqror bo‘lgan va ularning jasadini uyining tomorqasiga ko‘mib yuborganini aytgan. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kozimjon Komilov Oliy sud raisligiga qayta tayinlandi

Senatorlar 2017 yildan beri Oliy sud raisi sifatida ishlab kelayotgan Kozimjon Komilovni prezident taqdimnomasiga muvofiq, lavozimga qayta saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

O‘zbekiston va AQSh MOda xavfsizlikni mustahkamlash masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbarini qabul qilib, O‘zbekiston Amerika tomoni bilan mudofaa sohasida davlatlararo munosabatlarni faollashtirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Hafta issiq bo‘lishi kutilmoqda

Hafta davomida quruq va kam bulutli ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, kunduzi harorat +42 darajagacha ko‘tariladi, kechalari esa +21 daraja atrofida bo‘ladi. Dushanba va seshanba kunlari tog‘li hududlarda sel kelish xavfi mavjud.

O‘zbekistonda referendum to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritiladi

Deputatlar referendum to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni ma’qulladi. Unga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar vakolatlarini aniqlashtirish, komissiyalar qarorlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, kuzatuvchilarning huquqlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Oziq-ovqat inqirozi — bugun va ertangi kun

Dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat tanqisligi boshlandi. Endi vaziyat yomonlashib boraveradimi? Bizni qanday ssenariylar kutmoqda? Vaziyat qachon o‘nglanishi mumkin? «Gazeta.uz» ushbu maqolada bu boradagi turli tahlillar va fikrlarni sizning e’tiboringizga havola etadi.

O‘zbekistonda to‘siqsiz turizmni rivojlantirish taklif etildi. Bu nima degani?

Turizm vazirligi O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishni taklif qildi. Sayohatni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylashtirish, pandus, lift va ovozli ma’lumotnomalarni o‘rnatish, imtiyoz va chegirmalar berish — 5 yilga mo‘ljallangan dastur haqida batafsil «Gazeta.uz» materialida.