Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha bugungacha qanday takliflar kelib tushdi?

O‘zbekiston Bosh qonuniga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya o‘zining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. 6 kun davomida 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78 va 80-moddalarga bog‘liq takliflar kelib tushgan. Komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev prezidentga nomzod bo‘yicha talablar va vakolatlar muddati belgilangan 90-modda yuzasidan taklif yuborilgan yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi.

«Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha taklif yuborish qulay va inklyuziv bo‘lishi kerak»

Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi, deputat Bobur Bekmurodov Asosiy qonunni isloh qilish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, saralash va qonun loyihasida aks ettirish jarayoni qanday amalga oshirilishini tushuntirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, takliflar veb-sahifa, Telegram-bot, pochta, davlat tashkilotlari orqali qabul qilinadi, tahlilchilar guruhi uni saralaydi va komissiyaga kiritadi. «Asosiy prinsip — bu taklif yuborish qulay va inklyuziv bo‘lishi kerak», — dedi u.

Hokimlarning ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz — Shavkat Mirziyoyev

Prezident hokimlarning ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz ekanligini tanqid qildi. Viloyat hokimlariga qo‘shimcha 110 ming ish o‘rni yaratish, kamida 1 milliard dollarlik eksport qilish uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, EIZlardagi loyihalarni ekspertiza qilish vakolati hamda sanoat zonalarning ma’muriy kengashlari vakolati Investitsiyalar vazirligiga o‘tkazildi. Zonalardagi yerlar endi hokimliklar tomonidan emas, balki direksiyalar tomonidan auksionga qo‘yiladi.

Piyoda yurganlik uchun pul to‘laydigan platforma prezident farmoni bilan tugatilgani ma’lum bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6 apreldagi farmoni bilan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida yaratilgan «Sog‘lom turmush tarzi» (1hls.uz) platformasi faoliyati tugatilgan. Yanvar oyida ushbu platforma foydalanuvchilari sonini oshirish uchun davlat budjetidan 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi haqida prezident qarori imzolangan edi.

«Maktablarda ta’lim sifatiga qanday e’tibor bersak, ma’naviyatga ham shunday e’tibor berishimiz kerak» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limidagi islohotlarga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdi. O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, zamonaviy malakali pedagog kadrlarni tayyorlash zarurligi yana bir bor muhokama qilindi. Kimyo, biologiya, fizika va matematika o‘qituvchilarini kasbiy attestatsiyadan o‘tkazish tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Jamshid Qo‘chqorov — kambag‘allik qanday qilib ikki baravar qisqartirilishi haqida

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish chora-tadbirlari haqida gapirdi. Energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish va samarasiz subsidiyalarni kamaytirish bilan bir vaqtda davlat resurslarini yanada ko‘proq ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirish, xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish va boshqalar ko‘zda tutilgan.

Infografika: bachadon bo‘yni saratoni oldini olish uchun uchta oson qadam

100% oldini olish mumkin bo‘lgan yagona saraton bu — bachadon bo‘yni saratonidir. Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu infografikasi ayollarga mazkur kasallikdan himoyalanishga yordam beradigan uchta oddiy profilaktika choralarini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonlik dasturchilar startap uchun Meta kompaniyasidan $3 mln sarmoya jalb qildi

Beknazar Abdikamalov va Aziz Murtazayev singapurlik hamkori Jastin Kim bilan birgalikda ruhiy salomatlik bo‘yicha startap uchun Meta kompaniyasidan 3 mln dollarlik grantni yutib oldi. Loyiha ruhiy salomatlik xizmatini yanada qulayroq qilish uchun onlayn maslahat seanslarini o‘z ichiga oladi.

Korxonalarga «aqlli» suv hisoblagichlarini o‘rnatish talabi qo‘yiladi

2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlar aqlli suv hisoblagichlarini o‘rnatishlari shart bo‘ladi. Shu bilan birga, ular hisobga olish asboblarini sotib olishlari sababli soliq miqdorini 4 BHMgacha kamaytirish huquqini oladilar. 2023 yildan aholi uchun muddati o‘tgan hisoblagichlarni almashtirish «O‘zsuvta’minot» AJ hisobidan amalga oshiriladi.

Banklar maxsus hisobvaraqlarni yopishni boshlaydi

15 iyundan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlarning banklarda ochilgan maxsus maqsadli hisobvaraqlari yopiladi. Yopilgandan keyingi qoldiq ularning asosiy yoki ikkilamchi hisobiga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar o‘tkaziladi

2023 yil 1 martdan boshlab milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli respublika o‘yinlari tashkil etiladi. Shuningdek, har yili Toshkent shahrida «Uzbekistan Ethno Games» respublika festivali bo‘lib o‘tadi. Xivada esa har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi. Har bir hududda ot sporti turlariga tegishli anjomlar do‘koni ochiladi.

Navoiyda fuqaroni ishga kiritib qo‘yish uchun 5 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi

Uchquduq tumanida tanishlari yordamida bir fuqaroni zavodga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs so‘ralgan 5 ming dollarni olayotganida qo‘lga olindi.

Toshkentdagi bir gektar yerni $1 mlnga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Toshkent shahar IIBB xodimlari Yangihayot tumanidagi 1 gektar yerni 1 million dollarga sotishni va’da qilgan ikki nafar shaxsni qo‘lga oldi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotomateriallar:

«Ko‘plab maktablarda kompyuterlar komissiya kelganida ko‘rsatish uchun qo‘yib qo‘yilgan» — Muborakxon To‘ychiyeva

«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlaridagi IT sohasini o‘rganayotgan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Navbatdagi suhbatdoshimiz, Toshkentdagi al-Xorazmiy maktabi bitiruvchisi Muborakxon To‘ychiyeva IT uchun an’anaviy ta’lim shart emasligi, ko‘plab maktablarda kompyuterlar shunchaki komissiya kelganda ko‘rsatish uchun qo‘yilganligi, qizlarga imkoniyat berilsa, hamma narsani eplab ketishi haqida gapirib, tengdoshlari uchun maslahatlar bilan bo‘lishdi.

Maktab nimalarni o‘rgatishi kerak: tanlay olish, moslashish, tanqidiy fikrlash — Anatoliy Gin

Nima uchun maktab partasidagi qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha bo‘lgan an’anaviy ta’lim o‘zgarishi kerak? Maktab bolalarni o‘zgaruvchan dunyoda yashashga qanday tayyorlashi kerak? Shu va boshqa savollarga javoblar — ta’lim bo‘yicha ekspert, ixtirochilik muammolarini hal qilish nazariyasi mutaxassisi Anatoliy Gin bilan sifatli maktab ta’limi haqidagi intervyuda.

Foto: «Sudoche-Akpetki» qo‘riqxonasi — saqoqqush va flamingolar yashaydigan go‘zal va zaif ko‘llar

«Sudoche-Akpetki» davlat qo‘riqxonasining ko‘llari chiroyli hududlar bo‘lib, u yerda suv qushlarining noyob va himoyaga muhtoj turlari — saqoqqushlar, flamingolar, qoraquloqlar va boshqalar yashaydi. Qo‘riqxona ishchilari tomonidan olingan fotosuratlar to‘plami.