Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 kun davom etgan mehnat ta’tilidan qaytib, odatdagi tartibda ishlashga kirishdi. O‘tgan yili davlat rahbari 7 kun davomida mehnat ta’tilida bo‘lgandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchta mustaqil korxonaga bo‘lindi

1 yanvardan Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchtaga — aksiyadorlik jamiyati va ikkita davlat korxonasiga bo‘lindi.

120 nafar qatag‘on qurbonlari nomlari oqlandi — Oliy sud

Oliy sud 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha surgun qilingan, otilgan va mol-mulki musodara qilingan 120 nafar qatag‘on qurbonlari nomini oqladi.

Buyuk Britaniya O‘zbekistonning kovid-sertifikatlarini tan olishni boshladi

Buyuk Britaniya 10 yanvardan O‘zbekistonning koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarini rasman tan olishni boshlaydi. Endilikda vaksina olgan o‘zbekistonliklar Angliyaga kirish uchun PZR testini taqdim etishlari shart bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda kunlik koronavirusga chalinish holatlari keskin ortdi

So‘nggi ikki kun ichida O‘zbekistonda 397 kishi koronavirus yuqtirib oldi, uch kishi esa vafot etdi. 5 yanvargacha COVID-19`ga chalinganlar soni 100 kishidan oshmayotgan, 9 kundan beri esa o‘limlar qayd etilmagan edi.

Jenisbek Piyazov maktabgacha ta’lim vazirining maslahatchisi etib tayinlandi

Jenisbek Piyazov jamoatchilik asosida maktabgacha ta’lim vaziri maslahatchisi etib tayinlandi. U sohada madaniyat va san’atni rivojlantirishga yordam beradi.

«Chilonzor» metrosida tajriba tariqasida hojatxona qurilmoqda

Toshkent metropoliteni tajriba tariqasida «Chilonzor» metro bekatida hojatxona qurishni boshladi, agar bu o‘zini oqlasa, boshqa bekatlarda ham tadbiq etiladi. Shuningdek, bekatlarda yo‘l ko‘rsatkichlarini zamonaviy dizayn asosida bosqichma-bosqich almashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Dam olish kunlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi

Yaqin kunlarda havo haroratining sovishi, biroq yog‘ingarchiliklarsiz bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kunduzi +10 daraja iliq bo‘ladi, ba’zi hududlarga tuman tushishi mumkin.

«Tuxum eksporti cheklanganligi — vaqtinchalik chora» — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuxum eksportiga nisbatan cheklov haqiqatda joriy qilinganligini ma’lum qildi va buni vaqtinchalik chora deb atadi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning sentabr-dekabr oylarida tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda 20−22 foizgacha o‘sgan. Avvalroq Veterinariya qo‘mitasi tuxum eksporti cheklanganligi to‘g‘risidagi xabarni rad etgan edi.

Chigit ishi: Samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi aytilmoqda

Qashqadaryo viloyati chegarasida 100 tonna chigit to‘xtatib qolinganiga «texnik xatolik tufayli ta’minotchi korxona urug‘lik chigit berib yuborganligi» sabab qilib ko‘rsatildi. Samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi aytilmoqda. Antimonopoliya qo‘mitasi 2020 yilgi chigit ishidan keyin ushbu holat Qashqadaryoda yana takrorlanganini hamda vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Chiptalarni muddati o‘tgandan keyin ham — 24 yanvargacha almashtirish mumkin

Temiryo‘l kassalari oldida yuzaga kelgan navbatlar va tartibsizliklar ortidan — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 11 yanvargacha xarid qilingan chiptalarni almashtirish muddati ham 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» esa «chipta almashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar olinmasligi va qo‘shimcha poyezdlar ham yo‘lga qo‘yilishini» qayd etdi.

Toshkentda avtobus piyodani urib yubordi

Olmazor tumanida 43-sonli yo‘nalishdagi «ISUZU» rusumli avtobus svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtash paytida yo‘l chetiga yiqilib tushgan piyodani urib ketdi. Buning oqibatida fuqaro voqea joyida vafot etgan. Piyoda mast holatda bo‘lganligi aytilmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasining Yaponiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi

21 yanvar O‘zbekiston va Yaponiya milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘tishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. Bunga Yaponiyada karantin choralari kuchaytirilgani sabab bo‘lgan. O‘FA ayni shu kuni boshqa raqib bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish borasida ish olib bormoqda.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Qishloqdagi qish Madina A’zam obyektivida

Tez-tez o‘chib turuvchi chiroq, pechdan taraladigan achchiq tutun isi, sovuq havoda o‘choqda tayyorlangan ovqat, sandal atrofidagi tushlik. Qishloq ahli qishni qanday o‘tkazishi — Madina A’zam fotohikoyasida.

Qo‘llanma: Xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbek olish

1 yanvardan boshlab xarid chekini «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizi qaytariladi. Qaysi xarid cheki haqiqiy hisoblanadi, xarid chekini qanday ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin va keshbekni bank kartasiga o‘tkazish haqida «Gazeta.uz» qo‘llanmasida.