Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar O‘zbekiston va YTTB o‘rtasida so‘nggi yillarda erishilgan “yuksak darajadagi sheriklik, yaqin va samarali hamkorlik"ni qayd etdi.

Bugungi kunga kelib, bankning mamlakatdagi loyiha portfeli 4,4 milliard yevrodan oshgan. Ularda xususiy sektorning ulushi 70 foizga yaqin.

O‘zbekiston va YTTB o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlari va ko‘lamini, birinchi navbatda, kichik va o‘rta biznes, ayollar tadbirkorligi, muqobil energiya, raqamli texnologiyalar va boshqa yo‘nalishlarda kengaytirish maqsadida yangi Sheriklik strategiyasi qabul qilindi.

YTTB ko‘magi va bevosita ishtirokida davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash tadbirlari ko‘rilmoqda, bank-moliya sektorida yirik bitimlar amalga oshirildi, “yashil” energiya, transport infratuzilmasi, ekologiya va boshqa sohalarda me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev suv ta’minoti, energetika, yo‘l infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Xorijiy investorlar kengashining bo‘lajak majlisi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.