O‘qituvchi va shifokorlar maoshini oshirish uchun 350 mlrd so‘m ajratiladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va shifokorlarning oylik ish haqini oshirish uchun 2022 yilda davlat budjetidan 350 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Shuningdek, bepul davolanish orderi uchun 600 mlrd so‘m berilishi ta’kidlandi.

Xalqaro qidiruvdagi O‘zbekiston fuqarosi Abu-Dabida qo‘lga olindi

Interpol tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi BAAda qo‘lga olindi. Mazkur shaxs JKning terrorizm, qo‘poruvchilik, jinoiy uyushma tashkil etish va ommaviy tartibsizliklar moddalaridagi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilganligi uchun 2006 yildan beri qidiruvda bo‘lgan.

Toshkentda 25 mingdan ortiq psixotrop dorilar savdosiga chek qo‘yildi

DXX va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrida 25 mingdan ortiq “Regapen”, “Tropikamid”, “Selofen” singari psixotrop dorilar savdosiga chek qo‘yildi.

Rossiya O‘zbekistonga qiruvchi samolyotlar va zirhli transportlar yetkazib berdi

Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktori Dmitriy Shugayevning ta’kidlashicha, 2021 yilda Rossiya O‘zbekistonga Su-30SM qiruvchi samolyotlari, Mi-35M vertolyotlari, Buk-M2E zenit-raketa komplekslari, BTR-80 va BTR-82A zirhli transportyorlarini yetkazib bergan.

Yanvar-sentabr oylarida 25 mingdan ortiq avtomobil eksport qilindi

O‘zbekiston 9 oy ichida xorijiy davlatlarga qiymati $242,5 mlnga teng bo‘lgan 25 ming 171 ta yengil avtomobillar eksport qildi.

Viloyatlarda kechasi telekanallar efiri vaqtincha to‘xtatilishi mumkin

23 noyabrgacha har bir hududda (Toshkentdan tashqari) faqat bir kun tungi vaqtda davlat va nodavlat telekanallarni efirga uzatilishi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu teleuzatkichlarda profilaktika ishlari o‘tkazilishi bilan bog‘liq.

“Barcha rahbarlar jurnalistlarni hurmat qilishga majbur”. “O‘zbekneftgaz” rahbari Daryo muxbiri bilan bog‘liq mojaroga munosabat bildirdi

“O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Daryo muxbiri bilan bog‘liq mojaroni “o‘ta og‘riqli qabul qilgani” va jamiyat imidjiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytdi. “Kompaniyada faoliyat yuritayotgan barcha mas’ul rahbarlar va xodimlar jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur”, — dedi Mehriddin Abdullayev. U shuningdek, jurnalistlik faoliyatga aralashishni keskin qoralashini, buning uchun lavozimidan qat’iy nazar barchaga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

Muvaqqat hukumatda mablag‘ yo‘qligi Afg‘oniston bilan loyihalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda — Abdulaziz Kamilov

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bilan qo‘shma loyihalar bo‘yicha savolga javob berar ekan, mamlakat aktivlari muzlatilgani sababli muvaqqat hukumatning moliyaviy salohiyati mutlaq yo‘qligi hamkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi. “Butun iqtisodiyotni faqat gumanitar yordamga tayanib yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi”, — dedi u.

Qashqadaryodagi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i singlisiga tegishli fermer xo‘jaligiga gul ko‘chat buyurtma qildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i singlisi rahbarligidagi fermer xo‘jaligiga gul ko‘chati buyurtma qilish bahonasida 149 mln so‘m pul o‘tkazib, o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi prokuratura jinoiy ish ochgani haqida xabar berdi.

Respublika bo‘ylab 60 dan ortiq bozor va majmualarning xususiylashtirilishi kutilmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 60 dan ortiq bozor va savdo majmualarida davlat ulushlarini sotish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini e’lon qildi. Ular orasida Toshkentdagi Mirobod, Farhod, O‘rikzor va Oloy dehqon bozorlari, “Ippodrom” va “Bek to‘pi” savdo komplekslari mavjud. Qarorga ko‘ra, hokimlar boshchiligida hududiy komissiyalar tashkil etilib, bozorlardagi davlat ulushi hokimliklarga o‘tkazilishi kutilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu qaror loyihasini tanqid qildi.

Toshkent viloyatida 156 kgga yaqin giyohvandlik vositalari ushlab qolindi

Toshkent viloyatidagi chegara postida bojxona xodimlari tomonidan 156 kgga yaqin gashish, geroin va opiy ortilgan “DAF” mashinasi ushlab qolindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Inson a’zolari transplantatsiyasi uchun bemorga qarindosh bo‘lmaganlar ham donorlik qilishi mumkin

Deputatlar inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi uchun bemorning yaqin qarindoshi bo‘lishi kerak degan cheklovni bekor qilishga oid qonun loyihasini ma’qulladi. Unga ko‘ra, donor sifatida o‘z a’zosi olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda rozilik bergan inson tushuniladi.

Vazirliklar xarajatlari qattiq nazorat ostiga olinadi — Timur Ishmetov

2022 yildan boshlab barcha vazirliklar uchun davlat budjeti mablag‘larini sarflash bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni belgilash rejalashtirilmoqda, dedi moliya vaziri Timur Ishmetov. Unga ko‘ra, budjet taqchilligini 3 foizga kamaytirish va “budjet xarajatlarini qattiq nazorat qilish” rejalashtirilgan.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etiladi — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurish zarurligini ta’kidlandi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishini qayd etdi. 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilandi.

Yana bir yil davomida sement importi uchun bojxona boji nol stavkada qo‘llaniladi

Prezident ishtirokidagi videoselektorda sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, sement ishlab chiqaruvchilarga foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i esa 2 baravarga kamaytirilishi qayd etildi.

Yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qildi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” deb e’lon qilindi.

Marhum xodimning otasi nafaqa pullarini talab qilib, Bosh prokuraturani sudga berdi

Aprel oyida vafot etgan Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonovning otasi qonunda belgilangan tartibda nafaqa pullari to‘lab berilmaganini ma’lum qildi. Shu sabab marhumning otasi Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qildi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi da’vo arizasini rad qildi. Da’vogar esa sudga apellyatsiya shikoyatini kiritgan.

Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistonining elchisi etib tayinlangan Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi. U O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

O‘zbekiston AES qurilishi bo‘yicha chegaradosh qo‘shni davlatlar jamoatchiligining fikrini o‘rganadi — TIV vaziri

Hozirda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi loyihaning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yashil energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflarni hisobga olgan holda ham, uning shaffofligi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilmoqda. “Biz nafaqat O‘zbekiston, balki mamlakatimiz bilan chegaradosh qo‘shni davlatlar jamoatchiligining ham bu masalaga munosabatini o‘rganamiz”, — dedi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.